Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!
Buxoroda Yoshlar oyligi sarhisobiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov nutq so‘zladi.
Ona Vatan, yoshlik, muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
- Oylik doirasida viloyatimiz shahar va tumanlarida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Mushoira” kabi tadbirlar o‘tkazildi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov. - Sport musobaqalari, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan motivatsion uchrashuvlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, konsert dasturlari, kibersport musobaqalari, kam ta’minlangan oila farzandlarining turistik markazlarga tashriflari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga asbob-uskunalar topshirish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
[gallery-7800]
Prezidentimiz “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? Ertaga farzandlarimiz manfaati uchun yana nima ish qilishim kerak?” degan savollarga javob beradigan, shunday e’tiqod bilan yashaydigan vaqt keldi”, deb ta’kidlagan edi.
Festival tadbirlari davlatimiz rahbarining ana shu talabi har bir rahbarning kundalik shioriga aylanishi zarurligini yana bir marotaba ko‘rsatdi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida viloyatimiz shahar va tumanlarida minglab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz borligi, bugun ular yaratuvchanlik va yurtga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotganligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA