Yangi O‘zbekiston ‒ yangi imkoniyatlar mamlakati
Buguni kechagisidan yaxshiroq, baxtliroq, saodatliroq bo‘lish istagi insonda kelajakka umid, ishonch hissini uyg‘otadi.
Ayniqsa, yurtda bo‘layotgan ulkan bunyodkorlik, yangi islohotlar — Yangi O‘zbekiston ertasining nurafshonligi mujdasidir. Bunday yurtda yashash saodat va bu Vatanga munosib farzand bo‘lish — mas’uliyat. Men mamlakatimizda bo‘layotgan iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib beixtiyor shunday o‘ylarga boraman.
Mamlakatimiz tarixida davlatchilik poydevori hamma davrda adolatli siyosat, insoniy qadriyatlar asosiga qurishga qaratilgan bo‘lsa-da, turli sabab va oqibatlar bois bu islohotlar to‘la amalga oshirilmagan. Sharqning ulug‘ mutafakkirlaridan Abu Nasr Forobiyga ko‘ra, oqilona davlat tuzumi hamda insoniyat jamiyati haqida bildirilgan fikrlarida ma’naviy yetuk, ma’rifatli, ta’lim va tarbiya ko‘rgan, noyob insoniy fazilatlarga ega bo‘lganlargina davlat va jamiyat rivojiga hissa qo‘sha olishi mumkin, degan fikrlarini anglash mumkin.
Turkiy adabiyotning ilk yozma badiiy dostoni “Qutadg‘u bilig”da Yusuf Xos Hojib adolatli davlat qurish va uni odil boshqarish hamda hukmdor oqilligi haqida qimmatli mulohazalar keltirgan. Ota-bobolarimiz orzusidagi jamiyat farovonligini, hech shubhasiz bugungi iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarda ro‘yobga chiqayotgani kishini quvontiradi. Yosh avlodning bilimli, keng dunyoqarashli shaxs bo‘lib yetishilari uchun zamin yaratilgan nafaqat ilm-fan, balki sport va turli kasb-hunar sohalarida o‘z natijalarini bermoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javob berar ekan, yangi jamiyatning o‘z istiqbolli yo‘li haqida to‘xtalib: “Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yo‘limiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli bo‘lmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning o‘zi turli muammo va vazifalarni oldimizga ko‘ndalang qo‘ydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qat’iyatimiz ba’zan yetsa, ba’zida yetmagan holatlar ham bo‘ldi.
Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish ob’ektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi”, deb buning zaruratini aniq ko‘rsatib berdilar.
Mamlakatimizda 2021 yilda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Barcha sohada yangicha tizimlar yo‘lga qo‘yildi. Yangi O‘zbekistonda, albatta, bu kabi ijobiy o‘zgarishlarni butun dunyo ahli ham kuzatib bormoqda va o‘zlarini ijobiy fikrlarini bildirib kelmoqda.
Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida yangi zamonaviy, jahon standartlariga javob beradigan Karmana tumanida quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi. Bu energetika tizimida birinchi ulkan yangilik bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu stansiya Yangi O‘zbekiston energetika tizimidagi birinchi mana shunday ulkan qadam, ta’bir joiz bo‘lsa, “birinchi qaldirg‘och” bo‘lib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab berayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod — azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ham ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar evaziga “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshishini aytib o‘tdi. Bu kabi zamoniy ishlab chiqarish korxonalari barpo etilib ishga tushishi bu yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga sabab bo‘ldi.
Jamiyatning kelajagi uning ajralmas qismi va hayotiy zarurati bo‘lgan ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida bugungi kunda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatimizning uzluksiz ta’lim tizimini isloh qilish va takomillashtirish, yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, unga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ta’lim samaradorligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda: “Agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi.
Inson o‘zgarsa — butun jamiyatimiz o‘zgaradi”.
Ta’limning bugungi vazifasi o‘quvchilarni kun sayin oshib borayotgan axborot-ta’lim muhiti sharoitida mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsata olishga, axborot oqimidan oqilona foydalanishga o‘rgatishdan iboratdir. Buning uchun ularga uzluksiz ravishda mustaqil ishlash imkoniyati va sharoitini yaratib berish zarur. Oliy ta’lim muassasalari soni qariyib to‘rt yil ichida 141 tani tashkil etmoqda. Bitiruvchilarni OTMga qamrov 28 foizga yetdi. Prezidentimiz mustaqilligimizning 30 yilligi bayramidagi nutqida bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga qamrovini bosqichma bosqich ko‘paytirish, ya’ni 50-60 foizga chiqarish to‘g‘risida alohida aytib o‘tdi.
Mustaqillikning 30 yilligi bayrami arafasida “Yangi O‘zbekiston bog‘i” va Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostlab foydalanishiga topshirildi.
“Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda” degan chuqur ma’noli so‘zlar ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi yosh avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini bildiradi.
Mustaqillik orzusida yashagan ajdodlarimiz ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirmadi, bu yo‘lda aziz jonlarini qurbon qildilar. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda: “bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz”.
O‘ylaymanki, “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ekilgan nihollar mamlakatda unib-o‘sayotgan yosh avlod kabi go‘rkirab osmonlarga bo‘y cho‘zadi. Samolarga intilgan Xumo kabi mamlamkatimiz baland istiqbollarga intilaveradi.
Bahodir Sobirov,
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori