“Yangi O‘zbekiston” universitetida SI va fanlar bo‘yicha xalqaro olimlar jamlandi
O‘zbekiston va Koreya hamkorligida sun’iy intellekt hamda fundamental fanlar kesishmasidagi xalqaro anjuman dunyo olimlarini birlashtirdi. Bu yerda kelajak ilmini shakllantiruvchi so‘nggi tadqiqotlar muhokama qilindi.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Koreya Respublikasining Soongsil universiteti hamkorligida nufuzli xalqaro ilmiy anjuman tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Koreya Respublikasi va Xitoydan yetakchi olimlar hamda ilmiy tadqiqotchilar sun’iy intellekt (SI), matematika, statistika, kimyo va boshqa turdosh fanlar bo‘yicha so‘nggi ilmiy ishlanmalarni muhokama qilish uchun jam bo‘ldi.

Anjumanning ochilish marosimida “Yangi O‘zbekiston” universiteti rektori Bahodir Ahmedov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Soongsil universiteti vitse-prezidenti Jang Kyong Nam hamda ushbu universitetning Tabiiy fanlar kolleji dekani Kang Vikyong ishtirok etdi.
Anjuman dasturi zamonaviy sun’iy intellekt tadqiqotlarining ko‘p tarmoqli mohiyatini aks ettirdi. Ma’ruzalarda Omiks ma’lumotlari uchun chuqur o‘rgatishga asoslangan yo‘llar tahlili, Jordan algebralari va organoid tasvirlar tahlili, ko‘p belgili hamda trans-etnik poligenik xavf shkalasi modellari kabi dolzarb mavzular qamrab olindi. Ushbu ilmiy platforma olimlar uchun o‘z tadqiqotlarini taqdim etish, tajriba almashish hamda oliy ta’lim muassasalari va davlatlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Tadbir sun’iy intellektning matematik nazariya, statistik usullar, hisoblash yondashuvlari va tabiiy fanlardagi amaliyotni bog‘lovchi fanlararo soha sifatidagi o‘sib borayotgan o‘rnini yaqqol namoyon etdi.
Seminarning ikkinchi kunida Odamar fazolarida statistika hamda graf signallari uchun o‘lchamni kamaytirish usullari kabi mavzular ko‘rib chiqilib, zamonaviy SI asosidagi chuqur matematik va statistik poydevor namoyish etiladi.
Anjumanning yakuniy kuni sof matematik tadqiqotlarda sun’iy intellektning o‘rniga bag‘ishlangan maxsus sessiya bilan davom etadi. Unda “Yangi O‘zbekiston” universiteti olimlari murakkab matematik mavzulardagi taqdimotlari bilan chiqish qiladi.

Seminar 4-oktabrga qadar davom etadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA