"Yangi O‘zbekiston" massivlari – yangi manzillarda shakllanayotgan hayot
Yangi uyga ko‘chib kirish har bir oila uchun quvonchli voqea. Yangi xonadon yaqinida maktab, bog‘cha, do‘kon va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining bo‘lishi oilalarning kundalik hayotini ancha yengillashtiradi. Qulay yo‘l va jamoat transportining mavjudligi esa ishga, o‘qishga yoki boshqa manzillarga qatnashni osonlashtiradi. Eng muhimi, elektr, gaz, ichimlik suvi va boshqa muhandislik tarmoqlari barqaror ishlashi kerak. Ana shundagina yangi uy shunchaki xonadon emas, haqiqiy yashash maskaniga aylanadi.
Mamlakatimizning turli nuqtalarida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ana shu uyg‘unlik mavjud. Bu esa odamlarning yangi manzilga tezroq moslashishi, o‘z hududini qadrlashi va shu yerda farovon hayot kechirishi uchun zamin yaratmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ayni yo‘nalishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun bu g‘oya mamlakatning turli hududlarida turlicha ko‘rinish kasb etmoqda. Bir joyda ilgari foydalanilmagan yerlar yangi turar joy hududiga aylantirilayotgan bo‘lsa, boshqa manzilda mavjud shahar kengayib, yangi iqtisodiy va ijtimoiy markaz shakllanmoqda. Yana bir hududda esa yangi uy-joylar atrofida mahalliy tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish uchun yangi bozor paydo bo‘lmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari bugun nafaqat poytaxt yoki yirik shaharlarimizda, balki viloyat va tumanlarimizda ham qad rostlayotgani barchani birdek quvontiradi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurtimizning turli hududlarida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari mamlakatimizda shaharsozlikka bo‘lgan yondashuv qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Bu o‘zgarishni alohida hududlar misolida ko‘rish yanada aniqroq tasavvur beradi.
Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qad rostlamoqda.
Cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga 50 gektar maydonda yangi turar joy manzili shakllanmoqda. Bu yerda 100 dan ortiq ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, maktabgacha ta’lim tashkiloti, umumta’lim maktabi va mahalla binosi foydalanishga topshirildi.
Bir qarashda yuqoridagi raqamlar qurilish ko‘lamini ifodalaydi. Ammo ularning ortida boshqa bir jarayon ham bor. Bir vaqtlar cho‘l hududi bo‘lgan maydonda endilikda odamlar yashaydigan, bolalar ta’lim oladigan, tibbiy xizmatdan foydalanadigan, mahalla hayoti shakllanadigan yangi manzil paydo bo‘ldi.
Yangi hududning dastlabki bosqichidayoq maktab, bog‘cha, poliklinika va mahalla binosining foydalanishga topshirilgani ham bejiz emas. Chunki odamlar ko‘chib kelishi bilan hududning ijtimoiy hayoti boshlanadi.
Joriy yil 26-fevral kuni davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida hududdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishgani ham loyihaning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Bugun bu yerda 1,5 mingga yaqin xonadon yashayotgan bo‘lsa, kelgusida uylar soni ortgani sari ta’lim, tibbiyot, savdo, transport va boshqa xizmatlarga talab ham oshadi. Demak, Jarqo‘rg‘ondagi qurilish faqat bugungi ehtiyojga emas, hududning ertangi qiyofasiga ham ta’sir qiladi.
[gallery-27996]
Qadimiy Qo‘qon shahrida qad rostlayotgan yangi massiv ham nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini o‘zgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.
Shaharning yangi hududida 25 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yashash muhiti shakllantirilmoqda. Massivni barpo etishga 1 trillion 850 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Loyiha doirasida 84 ta ko‘p qavatli uy bilan bir qatorda maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oliy ta’lim muassasasi, biznes va savdo markazlari hamda bog‘lar barpo etilmoqda.
Yangi massiv aholisi uchun yashash joyidan uzoqlashmagan holda ishlash, ta’lim olish, savdo va xizmatlardan foydalanish hamda mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatlari yaratilmoqda. Bu yondashuv kundalik ehtiyojlar uchun shaharning boshqa hududlariga qatnovni kamaytirib, yangi manzilning o‘zida faol va qulay hayot kechirish uchun sharoit yaratadi.
Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta o‘n qavatli uy foydalanishga topshirilgan.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari joriy yilning 24-aprel kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, yangi xonadonlardan biriga kirib, bu yerda oilalar uchun yaratilgan sharoitlar, xonadonlarning jihozlanishi va yashash qulayliklari bilan tanishgan edi.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 18 gektar hududda barpo etilgan massivda 54 ta besh qavatli uy qurilib, 1 ming 400 ta xonadon aholiga topshirildi. Ko‘p qavatli uylarning tartibli joylashuvi va obod hudud tuman qiyofasiga ham o‘zgacha ko‘rinish berdi. Biroq bu yerdagi o‘zgarishni faqat yangi uylar bilan baholab bo‘lmaydi.
Yangi xonadonlar bilan birga yangi iste’mol bozori ham shakllanadi. Ko‘chib kelgan har bir oila oziq-ovqat, maishiy, savdo, ta’lim va boshqa xizmatlarga ehtiyoj sezadi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishini anglatadi. Shu jihatdan, massivda barpo etilgan uch qavatli “Eko bozor”ni oddiy savdo ob’ekti emas, yangi hududning iqtisodiy hayotini jonlantiruvchi infratuzilmaning bir qismi sifatida baholash mumkin.
Bozorda mahalliy dehqonlar o‘z mahsulotlarini vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchiga yetkazish imkoniga ega. Bu bir tomondan aholi uchun tanlovni kengaytirsa, ikkinchi tomondan ishlab chiqaruvchining o‘z mahsuloti uchun barqaror xaridor topishiga sharoit yaratadi. Shu tariqa yangi uy-joylar atrofida nafaqat yangi mahalla, balki uning ehtiyojlariga mos iqtisodiy muhit ham shakllanib boradi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarida bunyodkorlikning mazmuni yangi uylar soni bilan cheklanmaydi. Kecha foydalanilmagan hududlarda bugun oilalar yashamoqda, bolalar ta’lim olmoqda, savdo va xizmatlar rivojlanmoqda. Eng muhimi, bu manzillarda odamlarning kundalik hayoti uchun zarur bo‘lgan sharoitlar bir butun muhit sifatida shakllanmoqda.
Shu jihatdan, bugun barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari shunchaki yangi turar joylar emas, balki kelajakdagi mahallalar va shaharlar qiyofasini belgilaydigan yangi hayot makonlaridir.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA