Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, mahalliy hokimlik, mahalla hamda jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, maktab direktorlari va ota-onalar qatnashdi.
-Treningimiz ta’lim va tarbiya sifatini oshirishda davlat va jamoat tashkilotlari, oila hamda ta’lim muassasasi hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlandi, – deydi Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Halima Nurilayeva. – Asosiy maqsad rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishdan iboratdir.
Dastlab 42-IDUM faoliyati, xalqaro hamkorlik va Koreya tafsilotlari haqida qisqa taqdimot qilindi.
[gallery-15150]
Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilarga ingliz va koreys tilining o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Maktabda 3-sinfdan boshlab o‘quvchilar 2 ta xorijiy tilni o‘rganadi. Ularning 30 nafarga yaqini til bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
2020 yildan koreys tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi Koreya ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. O‘qituvchi va o‘quvchilar xalqaro konferensiyalarda ishtirok eta boshladi.
2020-2021 yilda 12 nafar o‘quvchi va 5 nafar o‘qituvchi Koreya ta’lim vaziri tomonidan imzolagan sertifikatlar hamda sovg‘alar, iqtidorli o‘quvchilardan bir nafari faol ishtiroki uchun medal bilan taqdirlandi.
2020 yilda maktab bitiruvchilaridan bir nafari - Jamshid Durboyev elchixona orqali 110 ming dollarlik GKS grantini qo‘lga kiritgan. Hozir Koreyada tahsil olmoqda. Bitiruvchilardan yana bir nafari – Madina G‘aybullayeva esa mazkur grant asosida magistraturada o‘qiyapti.
Qisqa muddat ichida erishilgan yutuqlari natijasida 42-IDUM Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublikasi Ta’lim markazi tomonidan “Koreys tilini o‘qitish bo‘yicha namunaviy maktab” deb topildi.
2022 yilda mazkur maktab Koreyaning Sunchon milliy universiteti hamda Tayegu shahri yuqori maktabi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi va ushbu memorandum doirasida bir necha loyihalarni amalga oshirdi.
Seminar-trening jarayonida Buxoro innovatsiyalar universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Janitxa Amarasena rivojlangan davlatlar ta’lim-tarbiya tizimida maktab va ota onalar, jamoatchilik va davlat tashkiloti hamkorligi xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, maktabning 3-sinf o‘quvchisi Medim Kimning onasi, Koreya fuqarosi Shin Xyunmi xonim Koreya maktablarida ota-onalar bilan hamkorlik ishlari haqida gapirib berdi. Shundan so‘ng Koreyadagi xalqaro hamkor Tayegu shahri yuqori maktabi bilan onlayn muloqot o‘rnatildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari