“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari institutida “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Joriy yil 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda mamlakatimizda xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Ana shu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatdagi 767 ta umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan 42 ming nafardan ziyod pedagoglar nomidan ishtirok etgan maktablar direktorlari, direktor o‘rinbosarlari va tajribali ustozlar bilan uchrashib, xalq ta’limi tizimida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazdi.

– Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasi bilan yil boshida Maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuzilib, ushbu kengashlarga viloyat, tuman va shahar hokimlari rahbari etib belgilangan edi, – dedi viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov. – Hokimlar tomonidan mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, lekin hali zimmamizda bajarilishi zarur bo‘lgan juda ko‘p ishlar turibdi.

Muloqotda tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha tahlil qilindi, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish va bajarish yuzasidan takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.
Muloqot jarayonida soha taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim vazifalar belgilab olindi.


F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA