Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt
Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida san’atkorlar, madaniyat va adabiyot namoyondalari, taniqli kinoijodkorlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Samarqand shahri Registon maydonida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar qatorida milliy kinematografiyamiz rivojiga ham katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Samarqandning kechagi va bugungi kuni, buyuk farzandlari, bugungi samarqandliklar hayoti haqida suratga olingan “Matonat”, “Samarqandda qovun tarovati” singari filmlar ham tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
Xususan, samarqandlik 101 nafar askarning qahramonligi, insoniyligi haqida hikoya qiluvchi, Shuhrat Mahmudov rejissyorligida suratga olingan “Matonat” hujjatli filmi Sevastopol shahrida o‘tkazilgan “Zolotoy vityaz” 31-xalqaro kinoforumida “Gran pri” bilan taqdirlandi. Ayni paytda Samarqandning yana bir mard va jasur o‘g‘loni Bahodir Yalangto‘sh haqida iste’dodli rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligida tarixiy badiiy film suratga olinmoqda.

– Joylarda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlar, muloqotlar, ularga tuhfa qilayotgan filmlarimiz hamyurtlarimiz tomonidan iliq qarshi olinmoqda, – dedi agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – bugungi tadbirda ham kinokarvon a’zolari bilan savol-javoblar, mukofotlar topshirish marosimlari hamda “101-reys” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu film o‘nlab kinoijodkorlarlarning uzoq yillik mashaqqati evaziga yaratilgan bo‘lib, murakkab syujet va sahnalarga boy.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA