Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari – milliy tanlovda
Mamlakatimizning to‘rt hududida 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, yoshlar, talabalar hamda band bo‘lmagan aholi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari – 2026” milliy tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda o‘n kasb yo‘nalishi bo‘yicha 667 nafar iqtidorli yoshlar mamlakat bosqichi g‘olibligi uchun o‘z iqtidorini sinovdan o‘tkazmoqda.
Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining Respublika bosqichi joriy yilning 13-18-iyul kunlari Samarqand va Buxoro viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda.
Jumladan, tanlovning elektromontaj, payvandlash texnologiyasi, santexnika va moda texnologiyalari yo‘nalishlarining Respublika final bosqichi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari “WorldSkills” xalqaro standartlari asosida baholanadi.
Bellashuvlar avvalida Samarqand viloyati hokimligi, kasbiy ta’lim boshqarmasi va mahallalar uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘rta bo‘g‘in kadrlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tanlov g‘oliblari va ishtirokchilarining ichki va tashqi mehnat bozorida yuqori daromadli ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytirishni maqsad qilgan.
[gallery-30384]
Tanlov nizomiga muvofiq, ishtirokchilar kunlik ish me’yoriga amal qilgan holda bir necha kun davomida o‘z mahoratlari, egallagan kasbiy bilimlarini namoyish etadi. Eng mahoratli kasb sohiblari 18-iyul kuni aniqlanadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari