Yangi O‘zbekiston axborot hamkorlarimiz sahifalarida
Dunyodagi jadal o‘zgarishlar sharoitida turli mamlakatlar va mintaqalarda yuz berayotgan jarayonlarni xolis hamda o‘z vaqtida yoritish alohida ahamiyatga ega. OAV nafaqat yangiliklar manbai, balki davlatlardagi islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va olib borilayotgan tashqi siyosatni aks ettirgan holda, xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi muhim vosita ham hisoblanadi.
Shu bois, O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, fikrlar va kuzatuvlar o‘z ifodasini topgan maqolalar alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu materiallar tahlili xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yurtimizdagi ochiqlik siyosati hamda davlatimizning tashqi dunyo bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qay tarzda qabul qilayotganini o‘rganish imkonini beradi.
Anadolu (Turkiya)
Turkiyaning «Dorçe Prefabrik Yapı ve İnşaat» kompaniyasi 6 ta qit’adagi 64 ta mamlakatda loyihalarni amalga oshirdi
Turkiyaning «Dorçe» kompaniyasi global loyihalari ko‘lamini kengaytirmoqda. «Anadolu» axborot agentligi xabar berishicha, mazkur kompaniya yig‘ma po‘lat konstruksiyalardan foydalanib, dunyoning 64 ta mamlakatida qurilish loyihalarini hayotga tatbiq etdi. Kompaniya direktorlar kengashi raisi Syuheyla Chebi Karaxanning aytishicha, korxona 1989-yilda Anqara viloyatida po‘lat profillar ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan. 1994-yilga kelib kompaniya modulli konstruksiyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi va 1996-yilda ilk eksportini aynan O‘zbekistonga amalga oshirdi.
Bugungi kunda «Dorçe» kompaniyasi loyihalashdan tortib montaj qilishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan EPC modeli asosida ishlab, o‘n yildan buyon «Engineering News-Record» (ENR) xalqaro nashri reytingidan o‘rin egallab kelmoqda.
Sinxua (Xitoy)
Xitoy va O‘zbekiston cho‘llanishga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlamoqda
Xitoy va O‘zbekiston cho‘llanishning oldini olish va tabiatdan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirmoqda. Bu masalalar «Xitoy (Ninsya) – O‘zbekiston» videoanjumanining asosiy mavzusiga aylandi. Konferensiyada ikki mamlakat vakillari amaliy tajriba almashib, qo‘shma loyihalar istiqbollarini muhokama qildi. Tadbir ikki davlat elchixonalari va tegishli idoralari ishtirokida tashkil etildi. Unda mamlakatlarimiz qurg‘oqchilik, suv resurslari taqchilligi va tuproq degradatsiyasi kabi muammolarga duch kelayotgani qayd etildi.
Muloqot chog‘ida 2025-yilda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik markazi tashkil etilgani eslatib o‘tildi. Mazkur markaz faoliyati texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar almashinuvi va mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Anjumanda O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev ishtirok etdi. Elchi Xitoy Milliy tabiat qo‘riqxonasida bo‘lib, ekotizimlarni tiklash va qumni barqarorlashtirish bo‘yicha Xitoy usullari bilan tanishdi.
TASS (Rossiya)
O‘zbekistonda «Rosatom» hamkorligida yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyiha ishga tushirildi
O‘zbekistonda «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi. «O‘zatom» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar «yo‘l xaritasi» va strategiyani tayyorlashga kelishib oldi. Hujjatda texnologiyalarni yetkazib berish, mutaxassislar tayyorlash, tashxis qo‘yish imkoniyatlarini kengaytirish va onkologik kasalliklarni davolash ko‘zda tutilgan. Loyiha zamonaviy infratuzilmani shakllantirishni o‘z ichiga oladi. Uning doirasida Toshkentda, shuningdek, yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan Yadro tibbiyoti markazi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Kazinform (Qozog‘iston)
O‘zbekistonda tug‘ilish darajasi 2020-yildan buyon ilk marotaba 900 mingdan kamaydi
«Kazinform» axborot agentligi xabar berishicha, O‘zbekistonda aholi o‘sishi sekinlashgani qayd etilmoqda. 2025-yilda mamlakatda tug‘ilishlar soni 2020-yildan beri ilk bor 900 mingdan past bo‘lgan. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, respublikaning doimiy aholisi soni bir yilda 1,8 foizga o‘sib, 38,2 mln kishini tashkil etgan. Xorijdan mamlakatga 1 159 nafar kishi ko‘chib kelgan bo‘lsa, 10 117 nafar kishi chetga chiqib ketgani qayd etilgan. O‘tgan yil mobaynida 267,1 ming nikoh va 46,9 ming ajrim qayd etilgan.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA