Yangi o‘quv yiliga yangi o‘quv darsliklari bilan
Keyingi yillarda kasb-hunar ta’limiga alohida e’tibor qaratilmoqda.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, professional ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlarida bugungi kunda 10,4 million donadan ortiq kitob fondi mavjud. Shundan 7,9 million donadan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalari va 2,5 million donadan ortig‘i badiiy, ijtimoiy, siyosiy va ilmiy adabiyotlarni tashkil etadi.
Kasb-hunar maktablari 1-2-kurs o‘quvchilari umumta’lim maktablarining 10-11-sinflari uchun mo‘ljallangan darsliklardan foydalanadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 iyuldagi tegishli farmoyishiga muvofiq Xalq ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ijara tizimi asosida o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik tadbirlari doirasida 65 nomdagi 141 ming 435 dona yangi o‘quv adabiyotlarni nashr etish yakunlandi. Nashr etilgan o‘quv adabiyotlar kasb-hunar ta’lim muassasalariga yetkazildi. Bundan tashqari, 20 nomdagi 44 ming 427 dona o‘quv adabiyotlar barcha professional ta’lim muassasalari uchun kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha nashr qilinmoqda. Shu bilan birga, kasbiy fanlar bo‘yicha mualliflar tomonidan 105 nomda yangi adabiyotlarni yaratish yakuniga yetkazilib, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashdan o‘tkazildi.
Shu kunlarda professional ta’lim muassasalarini mutaxassislik fanlaridan xorijiy adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar va shuningdek fermerlar malakasini oshirish maqsadida Germaniya Xalqaro Hamkorlik jamiyati tomonidan joriy yilda Germaniyada tayyorlangan o‘zbek tilidagi 1 ming 300 dona «Fermer boshlang‘ich bosqich» hamda 300 dona «Fermer ixtisoslik bosqichi» nomli amaliy o‘quv qo‘llanmalarining bosma nusxalari tegishli ta’lim muassasalariga yetkazildi.
Texnologik rivojlanishlarni hisobga olgan holda tez yangilanishi lozim bo‘lgan 1 ming 311 nomdagi maxsus fanlar bo‘yicha o‘qitish materiallari to‘plami ishlab chiqilib, ularning 342 nomdagisi respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etildi. Tavsiya etilgan o‘qitish materiallari to‘plamining barchasidan o‘qituvchi va o‘quvchilarga foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida edu.profedu.uz elektron platformasiga joylashtirildi.
Tasarrufida texnikumlari mavjud oliy ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan 9 ming 192 nomdagi 122 ming nusxada darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘qitish materiallari to‘plami hamda 103 ming nomda elektron resurslar ta’lim jarayonida foydalanish uchun topshirildi.
2022 yilning o‘tgan davri mobaynida professional ta’lim muassasalari tomonidan o‘zlarining byudjetdan tashqari va homiylar mablag‘lari hisobidan 1,2 milliard so‘mlik adabiyotlar sotib olindi. Jumladan, 10 ming 736 nomdagi 47 ming 965 dona (564 mln. 249,2 so‘m) badiiy, ijtimoiy, siyosiy va ilmiy hamda 5 ming 367 nomdagi 58 ming 904 dona (599 million 206,8 so‘m) soha yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar bilan ta’minlangan. Farg‘ona va Namangan kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan bu bora olib borilgan ishlari yurtimizning boshqa hududlari uchun namuna sifatida tatbiq etilmoqda.
O‘zA