Yangi o‘quv yiliga yangi imkoniyatlar bilan
Chirchiq shahridagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun yangi o‘quv yili quvonchli yangilik bilan boshlandi. Mazkur ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, o‘quvchilar uchun zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbus amalga oshirildi.
Xususan, Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov tomonidan maktabda elektron kutubxona tashkil etish uchun 100 million so‘mlik vaucher topshirildi. Zamonaviy elektron kutubxona o‘quvchilarning raqamli ta’lim resurslari, elektron adabiyotlar va turli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Bu esa yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda dars jarayonini qo‘shimcha va zamonaviy resurslar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, bugungi kunda ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etayotgani inobatga olinsa, elektron kutubxona maktab o‘quvchilari uchun muhim ta’limiy maydonga aylanishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi yangi o‘quv yiliga nafaqat yangi imkoniyatlar, balki yangilangan qiyofa bilan qadam qo‘ydi. Ta’lim muassasasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, o‘quvchilar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘quvchilar, ustoz va murabbiylar hamda ota-onalarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi va yangi o‘quv yili boshlangani bilan samimiy muborakbod etdi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva ham yoshlarga o‘z tilaklarini bildirdi.

Yangi o‘quv yilini zamonaviy sharoitlar, yangilangan muhit va elektron ta’lim imkoniyatlari bilan boshlayotgan maktab jamoasi oldida endi yangi maqsadlar, yuqori natijalar va ulkan marralar turibdi. Bu jarayonda yangi qulayliklarning yaratilganidan barcha xursand.
A.Musayev,O‘zA