Yangi o‘quv yiliga taraddud qizg‘in
FOTOREPORTAJ
Yangi o‘quv yilini munosib kutib olish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy hamda qulay sharoitlar yaratish maqsadida Namangan shahrida bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari izchil davom etmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida shahardagi uchta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026-yil investitsiya dasturi doirasida 85- va 88-umumta’lim maktablariga qo‘shimcha o‘quv binolari qurish hamda 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qayta qurish belgilangan.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun jami 16,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
85-umumta’lim maktabida 5,8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 480 o‘rinli qo‘shimcha bino barpo etilmoqda. Ayni paytda binodagi sinfxonalarni pardozlash ishlari jadal olib borilmoqda.
[gallery-30942]
88-umumta’lim maktabida esa 5,9 milliard so‘m qiymatidagi 570 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurib bitkazildi. Hozirda binoda ichki pardozlash va jihozlash ishlari yakuniy bosqichda.
Shuningdek, 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun 4,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 150 o‘rinli yangi bino barpo etildi. Zamonaviy ob’ektda tarbiyalanuvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Yangi o‘quv yili arafasida ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini zamonaviy qiyofaga keltirishga qaratilgan bunday loyihalar o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun munosib sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA