Yangi o‘quv yili yangi orzular bilan boshlandi
Oliy ta’lim muassasalarida yangi – 2024-2025 o‘quv yili boshlandi.
Navoiy davlat pedagogika institutida ham yangi o‘quv yili “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Talabalikka bag‘ishlov” bayram tadbirlari bilan boshlandi.

Institut rahbariyati, fakultet dekanlari, birinchi kursga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari hamda yaqinlari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qabul kvotalari oshirilib, alohida imtiyozlar joriy etilgani, institutda yangi yo‘nalishlar ochilib, buning samarasida ta’lim sifati o‘zgarayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilda oliygohning birinchi bosqichiga 2763 nafar talaba qabul qilindi. Jumladan, 34 ta bakalavriat (kunduzgi) ta’lim yo‘nalishi uchun 1865 nafar, 9 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishi uchun 500 nafar, 10 ta kechki ta’lim yo‘nalishi uchun 280 ta hamda magistratura mutaxassisliklarida 118 nafar talaba 1-bosqich talabasiga aylandi.

Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yilida institutda bakalavriat bosqichida 5 ta yangi - sport faoliyati: dzyu-do, futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi yo‘nalishlari tashkil etildi.
Birinchi kurs talabalari bir hafta davomida “Tanishtiruv” hamda Mustaqillik darslarida ishtirok etadi. Qolgan barcha kurs talabalariga esa darslar o‘quv reja asosida olib boriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri