“Yangi Oltiariq” obod go‘shaga aylanadi
Bugun yurtdoshlarimiz ongida yaratuvchanlik, yangilikka intilish, bunyodkorlik fazilatlari kamol topib bormoqda. Qay manzilga bormang, qaysidir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning nafasi ufurib turganiga guvoh bo‘lasiz. Fikrimizga Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Yangi Oltiariq” yoshlar kichik sanoat zonasida yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik va ishlab chiqarish ob’ektlari faoliyati dalil bo‘la oladi.
Bu hudud yaqin vaqtgacha qaqroq dashtu biyobon, saksovul va yantoqdan boshqa giyoh unmaydigan joylar edi. “Jarqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli bu adirliklar, sodda qilib aytganda, davlat zaxirasida bo‘lgan. Toshloq va ovloq yerlarga kechasi tugul, kunduz kuni ham kelishga odamning yuragi betlamasdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu manzilda ming gektar uzumzor barpo etildi, uning davomi sifatida ko‘p qavatli uylar qurildi, asfalt yo‘llar qilindi. Sekin-asta odamlar ko‘chib kela boshladi. Ayni kunlarda bu yerlar ancha gavjumlashib qolgan. Endilikda esa kichik sanoat zonasiga tadbirkorlarni jalb qilish, fuqarolarni ishli qilish, nafaqat ichki bozor uchun, balki eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish sa’y-harakatlari o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
–Rostini aytsam, dastlabki yili bu hududga kelib, ish boshlashni istovchilar soni barmoq bilan sanarli edi. Chunki shart-sharoit deyarli yo‘q edida. Shuning uchun elektr, suv va gaz tarmog‘ini tortib keldik, yo‘llar asfaltlandi. Tadbirkorlarga imkon qadar imtiyoz va qulayliklar yaratish ustida ish olib boryapmiz, – deydi viloyat hokimligi huzuridagi Kichik va yoshlar sanoat zonalari bo‘yicha yagona direksiyasining Oltiariq tumani bo‘yicha mutaxassisi Akmaljon Qodirov. – Ayni kunlarda 24 nafar tadbirkor kelib, o‘zlari uchun ajratilgan lotlarga joylashdi. Qolgan lotlarga ham xaridorlar bor. Tadbirkorlarimizdan oltitasi stanok va jihozlarni o‘rnatib, mahsulot ishlab chiqarishni boshladi. Rejalashtirgan ishlarimiz to‘liq amalga oshsa, bu kichik sanoat zonasida 300 nafardan ziyod yangi va muqim ish o‘rinlari yaratiladi.
Bir qarashda hali to‘liq bitmagandek ko‘ringan bino-inshootlar ichida hayot qaynaydi. Asli omilkor va vaqtni qadrlovchilar emasmi, oltiariqlik tadbirkorlar biror soatni ham behuda o‘tkazmaslik payida bo‘lishadi, “vaqting ketdi – naqding ketdi” degan naqlga amal qilishadi ular. Shu sababli ham birinchi navbatda mahsulot ishlab chiqarish liniyasini yo‘lga qo‘yish, tezroq bozorga olib chiqishga harakat qilishadi.
– Ilgari mahallada bir binoni ijaraga olib ishlardik. Mahsulotlarimiz kamligidan buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘q edi. Kichik sanoat zonasidan yer ajratib berilgach, binoyidek ishlab chiqaruvchiga aylandik, – deydi “Rasul TS” oilaviy korxonasi rahbari Muhammadrasul Tursunov. – Asosan sport jihozlari va kiyim-kechaklari ishlab chiqaramiz. 15 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlayapmiz. O‘nta qo‘shimcha stanok olib kelib o‘rnatdik. Kelajakda xorijga ham o‘z mahsulotlarimizni eksport qilishni rejalashtirganmiz.
“Ali Teks” xususiy korxonasida esa turli o‘lcham va nusxadagi paypoqlar ishlab chiqariladi. 20 ta doimiy ish o‘rni yaratgan tadbirkor Alisher Mahkamovning aytishicha, ishlab chiqarishda to‘liq mahalliy xom ashyodan foydalanadi. “O‘zimizning paxta tolasidan tikilgan paypoqlar doim xaridorgir bo‘lib kelgan”, deydi u. Bu korxonada tayyorlangan “Gradus” brendi ostidagi bejirim va sifatli paypoqlar ichki bozorda o‘z mijozlariga esa. Yaqin kunlarda esa Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.
“Ilhomjon Ibrohimjon Savdo” oilaviy korxonasi va “Musaffo Roshidon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa qurilish mahsulotlari, gazobloklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Har ikki korxonada ham 4-5 nafar yoshlarning doimiy bandligi ta’minlanmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar peshma-pesh mijozlarga yetkazilmoqda.
– “Yangi Oltiariq” yoshlar kichik sanoat zonasida ish boshlashni istovchi tadbirkorlar uchun yetarli shart-sharoit yaratish harakatidamiz. Misol uchun, 1000 kVtli ikkita transformator o‘rnatilgach, bu yerda elektrdan muammolar deyarli qolmadi. Axir, har bir stanok yoki uskuna elektr bilan ishlashi hammamizga ma’lum. Shuning uchun kelgusida quyosh panellari o‘rnatish rejamiz ham bor, – deydi Oltiariq tumani hokimi Shamsiddin Turdaliyev. – Bir-ikki yilda bu adirliklar rosmana shaharchaga aylanadi. Yashovchilar uchun maktab, bog‘cha qurish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ustuvor vazifalarimizdan sanaladi.
Tuman hokimining aytganlariga birdan ishonging kelmaydi. Lekin kichik sanoat zonasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning quvonchi, tadbirkorlar ko‘zidagi shaxd va ishonch, e’tiborlisi, yaydoq dasht bag‘rining kun sayin yashillikka burkanayotgani, bu yerlarda tikanzorlar o‘rnini gulzoru bog‘-rog‘lar egallayotgani rostdan ham yaqin vaqt ichida yangi shaharcha paydo bo‘lishiga shubha qoldirmaydi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri