Yangi oʻrnatilgan transformator elektr energiya taʼminotini yaxshilashga xizmat qiladi
Taʼkidlash joizki, yangi transformatorni almashtirish jarayonida jamiyat ichki resurslaridan foydalanildi.
Aholining elektr energiyasiga talabi oshib borayotgan ayni karantin kunlarida energetika sohasi xodimlari imkon qadar isteʼmolchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida barcha imkoniyatlarni safarbar qilmoqda.
“Xorazm HETK” AJ tomonidan Urganch tumanida yuqori yuklamada ishlab turgan 110/10 kVli “Doʻstlik” nimstansiyasidagi quvvati 6 300 kVA transformatori 10 000 kVA boʻlgan kuch transformatoriga almashtirilishi bunga yaqqol misoldir, deb maʼlum qildi jamiyat matbuot xizmati.
Katta quvvatli transformatorning oʻrnatilishi natijasida hududdagi 8 mahallada istiqomat qilayotgan 5 015 aholi hamda 186 tadbirkorlik subyektining elektr energiyasi taʼminoti boʻlgan ishonchini yana-da oshirdi. Shuningdek, tumanda yangidan tashkil qilinishi rejalashtirilgan ishlab chiqarish korxonalari uchun elektr energiya quvvat zaxirasi yaratildi.
Taʼkidlash joizki, yangi transformatorni almashtirish jarayonida jamiyat ichki resurslaridan foydalanildi. Oldinlari bunday ishlar shartnoma asosida bajarilgan boʻlsa, korxona mutasaddilarining tashabbusi bilan xodimlar kasb malakasi oshirildi. Endilikda bunday ishlar toʻlaligicha xoʻjalik usulida jamiyat ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Natijada korxonaning 55 million soʻmlik xarajati tejalishiga erishilmoqda.