Yangi nashr: “Amir Temur qomusi”
Dunyo bo‘yicha Amir Temur haqida har yili turli tillarda yangi asarlar nashr etilmoqda. Ularning aniq sonini aytish oson emas, lekin mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Sohibqiron haqida jahonning 50 dan ortiq tillarida 1 ming 500 dan ziyod kitob va ilmiy asar yaratilgan.
Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish uning hayotlik davridayoq boshlangan va bugungi kunda ham davom etmoqda. Temur davrida yashagan va uni bevosita ko‘rgan tarixchilar — Sharafiddin Ali Yazdiy (“Zafarnoma”), Nizomiddin Shomiy (“Zafarnoma”) va Hafizi Abro‘ asarlari muhim poydevor hisoblanadi.
Yevropada Amir Temur haqidagi ilk asarlar XV asrdayoq paydo bo‘lgan. Mashhur fransuz olimi Lyusen Keren umrining 40 yilini Temuriylar davrini o‘rganishga bag‘ishlagan. Shuningdek, Piter Jakson va Jastin Marotssi kabi zamonaviy g‘arb tarixchilarining salmoqli tadqiqotlari mavjud.
O‘zbekistonda Pirimqul Qodirovning “Amir Temur siymosi”, “Ona lochin vidosi” kabi asarlari, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi kabi ko‘plab badiiy asarlar yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida muhim ilmiy nashr e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti tomonidan buyuk sarkarda Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Amir Temur qomusi” kitobining birinchi jildi chop etildi.
Mazkur asar alifbo tartibida tuzilgan bo‘lib, nashr nafaqat tarixchilar, balki keng kitobxonlar uchun ham muhim manbaa hisoblanadi.
Mas’ul muharrir – To‘lqin Hayit. Ijodiy guruh – Habib Abdiyev, Aziz Sharipov, Hakim Sattoriy, Shohista O‘ljayeva, Dilafro‘z Qurbonova, Ozoda Raxmatullayeva, Muhayyo Hamroyeva, Faxriddin Hasanov, Abdulla Ulug‘ov, To‘lqin Eshbek, Baxtiyor Haydarov, Komiljon Sultonov, Lobar Mardonova, Muhabbat Shosupova, Saodat To‘lqin qizi, Sohiba Abdullayeva.
“Amir Temur qomusi” kitobining birinchi jildi ulug‘ Sohibqiron bobomiz hayoti, faoliyatini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
N.Usmonova,
O‘zA