Yangi massivlarda “Kitobxonlik kunlari”
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Obod qishloq” dasturi asosida bunyod etilayotgan yangi turar-joy massivlarida Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida “Kitobxonlik kunlari” o‘tkazildi.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Obod qishloq” dasturi asosida bunyod etilayotgan yangi turar-joy massivlarida Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida “Kitobxonlik kunlari” o‘tkazildi.
Ayni paytda tuman hududidagi uchta yangi massivda bosh reja asosida 700 dan ortiq yangi uy bunyod etilmoqda. Barak uylarda yashab kelgan oilalar uchun qurilayotgan shaxsiy turar-joylarning asosiy qismi davlatimiz tomonidan berilgan katta yordam tufayli qisqa muddatlarda qurib bitkazildi.
Obodlik faqat turar-joylarning yangilanishigina emas, albatta. Yangi massivlarda infratizim inshootlari ham barpo etilayotir. Hozirgacha 2,5 kilometr ichimlik suvi uzatish tarmog‘i tortildi. Elektr uzatish tarmoqlari to‘liq yangilandi. “Oltinko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yangi massivda 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilayotir. Bu yerda ishlayotganlar, yangi uylarga ko‘chib kelganlar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Hududda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash uchun 200 o‘rinli tikuvchilik korxonasi barpo etildi. Qisqa muddatli tikuvchilik kursi tashkil etilib, uy bekalaridan va kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlardan 200 nafari tajribali ishlab chiqarish ustalari tomonidan tikuvchilik kasbiga qayta tayyorlanayotir.
Yangi massivdagi bunyodkorlik, obodlik hududga zamonaviy qiyofa baxsh etib, odamlar diliga hayotdan rozilik olib kirayotir.
Viloyat adliya boshqarmasi va davlat xizmatlari markazi tomonidan yangi massivda “Kitobxonlik kunlari” tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’rifiy tadbir davomida kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Yangi massivdagi uylarni qurishda qatnashgan hasharchi-quruvchilar uchun dasturxon yozilib, hashar oshi tortildi.