Yangi marralar sari qadam tashlandi
Bugun, 3 sentyabrdan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida birinchi bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida “Birinchi kurs maktabi” dasturi doirasida tantanali tadbir o‘tkazildi.
Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi a’zolari, professor-o‘qituvchilar, birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport rivojiga alohida e’tibor berilishi natijasida yurtimizda sport ta’limi, uning ilmiy salohiyati xalqaro maydonda yangi bosqichga ko‘tarildi.

Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asining bir qator mamlakatlaridagi sport ta’limi muassasalari, institutlari bilan manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, qo‘shma loyihalar amalga oshirilib kelinayotganligini e’tirof etishdi.

Tadbir ishtirokchilari “Birinchi kurs maktabi” dasturining boshlanishi talabalarga nafaqat akademik bilimlarni egallash, balki yangicha muhitiga tezkor moslashish, ijtimoiy faol bo‘lish va o‘z qobiliyatlarini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berishi bilan ahamiyatli ekanligini aytib o‘tishdi.

Talabalar va ularning ota-onalari bilan o‘tkazilgan qiziqarli suhbatlardan so‘ng birinchi bosqich talabalari “Birinchi kurs maktabi” doirasidagi mashg‘ulotlarga va mustaqillik darsida ishtirok etishga jalb etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA