Yangi marralar sari intilayotgan Guljanoy
Guljanoy O‘zbekiston parataekvondochilari o‘rtasida Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya olgan ilk sportchi sifatida tarixdan joy olgani xalqimiz g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘tardi.
Yangi sport mavsumining ilk kunlarida Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WT) Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi yakuniy reyting jadvalini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, parataekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Guljanoy Naimova 58 kilogrammgacha vazn toifasida reyting bo‘yicha XVI Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Guljanoy O‘zbekiston parataekvondochilari o‘rtasida Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya olgan ilk sportchi sifatida tarixdan joy olgani xalqimiz g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘tardi.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogiron va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqishi va intilishiga ko‘ra kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirishning muhim omillaridan biri sifatida sportni rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Guljanoy Naimova 2001 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U bolalik chog‘laridan doimo oilasiga quvonch olib kelishi, tengdoshlari orasida o‘zining yutuqlari bilan ajralib turishi uchun sport bilan shug‘ullana boshladi.
Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblangan Guljanoy 2017 yili terma jamoa tarkibida London shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida munosib ishtirok etdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2018 yili esa u Vetnamda o‘tkazilgan Osiyo ochiq chempionatida barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Parataekvondochimiz uchun 2019 yil ham omadli o‘tdi. Dastlab u Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida kumush, Iordaniya mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida bronza va Italiyada o‘tkazilgan Yevropa ochiq chempionati kumush medalini qo‘lga kiritdi.
– Shu kunga qadar qo‘lga kiritgan yutuqlarim zamirida murabbiy va yaqinlarimning katta mehnati yotibdi. O‘tgan vaqtlar davomida hamisha yurt sharafini ardoqlash, Vatanimiz bayrog‘ini yanada yuksaltirish haqida o‘ylamoqdaman. Nasib qilsa, Paralimpiya o‘yinlarida men ham oltin medalga sazovor bo‘lib, mamlakatimiz yoshlari hech kimdan kam emasligini isbotlayman, – deydi G.Naimova.
Guljanoy Naimova kabi sportchilarimizning ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahorat oshirishi, Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradigan musobaqalarga puxta tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha sharoit yaratib bermoqda.
Bu sportchilarimizning nufuzli musobaqalarda yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishida asosiy omil bo‘ldi.
O‘tgan yilgi sport mavsumida paralimpiyachilarimiz dzyudo, suzish, yengil atletika, o‘q otish, pauerlifting, parakanoe, parataekvando va para akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tgan jahon va qit’a chempionatlari hamda kuboklarida, gran-pri musobaqalarida 33 oltin, 16 kumush, 18 bronza jami 76 medalni qo‘lga kiritib, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston paralimpiyachilari o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishiga doimo tayyorligi kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘ladigan XVI Paralimpiya o‘yinlarida bundan-da salmoqli natijalarga erishishi shubhasizdir.