Yangi loyihalar tufayli suv ta’minoti ko‘lami kengaymoqda
Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tizimini takomillashtirish va sohani zamonaviy bosqichga olib chiqish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bu borada xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ichimlik va oqova suv ta’minoti sohasini rivojlantirish maqsadida jami 16 ta xorijiy tashkilot, jumladan, xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda umumiy qiymati 2,2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 23 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, 2024-yilda sohada 179 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshirilib, 434,8 million dollarga yetkazildi. Bu esa sohadagi islohotlar izchil va samarali davom etayotganini ko‘rsatadi.

Amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 2025-yilda jami 1 117 kilometr ichimlik va 190 kilometr oqova suv tarmoqlari tortilib, 23 ta ichimlik va 9 ta oqova suv inshootida qurilish-montaj ishlari yakunlangan. Shuningdek, 68 mingta suv hisoblagich o‘rnatilgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80,9 foizdan 82,8 foizga, oqova suv tizimi bilan qamrov esa 20,5 foizdan 22,3 foizga yetkazilgan.
– 2026-yilda ham xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat va kompaniyalar ishtirokida 23 ta loyihani amalga oshirish davom ettiriladi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nodir Xo‘jamov. – Ushbu loyihalar doirasida 461,8 million dollar kredit va 38 million dollar investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Ayni paytda 10 ta loyihada qurilish, 7 tasida qurilish va tender jarayonlari, 6 tasida esa loyihalashtirish va tender ishlari olib borilmoqda. Jalb etilgan mablag‘larning 59 foizi ichimlik suvi, 41 foizi esa oqova suv tizimini yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Joriy yilda 862 kilometr tarmoq tortish, jumladan, 572 kilometr ichimlik va 290 kilometr oqova suv tarmoqlarini barpo etish, shuningdek, 20 ta yangi inshoot qurish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 2026-yil yakuniga qadar aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 83,5 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrov esa 23 foizga yetkazilishi kutilmoqda.

Xususan, joriy yilning yanvar-mart oylarida 76,3 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan. Hisobot davrida 89,3 kilometr ichimlik va 8,2 kilometr oqova suv tarmoqlari tortilib, 42 mingdan ortiq suv hisoblagich o‘rnatilgan.
Umuman olganda, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlik loyihalari aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA