Yangi “Leore Hotel” foydalanishga topshirildi
Namangan shahrida “Leore Hotel” mehmonxonasining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyatida keyingi yillarda sayyohlar oqimi ortib bormoqda. Ayniqsa, ayni kunlarda davom etayotgan 65-xalqaro “Gullar festivali” doirasida o‘tkazilayotgan turli madaniy ko‘ngilochar tadbirlarga milliondan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlar tashrif buyurmoqda.

Turistlar ko‘lami ortishini nazarda tutgan holda, viloyatda kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mehmonxonalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda o‘nlab xostel, xostel va mehmon uylari keluvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Loyiha qiymati 30 milliard so‘mni tashkil etuvchi mazkur zamonaviy mehmonxona 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uning ishga tushirilishi natijasida 20 kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.

Tantanali marosimda qatnashgan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov yangi zamonaviy mehmonxonaning faoliyatini boshlashi Namanganda turizm salohiyatini yuksaltirish, mehmonlarga zamonaviy va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, nuroniylar ishtirokida ramziy lenta qirqilib, mehmonxona rasman foydalanishga topshirildi. Tadbir davomida mehmonlar uchun yaratilgan qulay xonalar, sifatli xizmat ko‘rsatish maskanlari hamda barcha zarur shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA