Yangi laboratoriya ish sifatini oshiradi
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida yangi bakteriologik laboratoriya ish boshladi.
Mazkur laboratoriya Prezidentimizning 20 yanvar 2023 yildagi “2023 – 2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori, unda belgilab va ko‘rsatib berilgan vazifalar ijrosi doirasida tuberkulyozni tashhislash imkoniyatlarini kengaytirish, Levenshteyn – Yensen qattiq ozuqa muhiti va BD BACTEC “MGIT” avtomatlashtirilgan texnologiyalaridan foydalangan holda suyuq ozuqa muhitlarida ekma va dorilarga sezgirlik testlarini o‘tkazish, yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlash va tashhislash maqsadida ishga tushirildi.

– Sirdaryoda tuberkulyoz kasalligiga moyil bo‘lgan bemorlarga Gene Xpert tezkor usulidan foydalangan holda tashxis qo‘yilgan, biologik namunalar ekma va fenotipik sezgirlik testlarini o‘tkazish uchun Toshkent shahri va Samarqand viloyatidagi regional laboratoriyaga jo‘natilgan, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Xayrulla Rajabov. – Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab bo‘libgina qolmay, qo‘shimcha xarajat ham talab qilgan. Endi esa, sarsongarchilikka chek quyildi. Yangitdan ish boshlayotgan bakteriologik laboratoriya xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Global jamg‘arma, USAID, KFW kabi xalqaro hamkorlar ko‘magida yo‘lga quyildi. Yangi muassasa zamonaviy, eng so‘ngi tashhislash jihozlari bilan ta’minlangan. Bakteriologik laboratoriya binosini qurish, laboratoriyaga moslashtirish uchun mahalliy byudjetdan 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Qurilish ishlari hashar yo‘li bilan amalga oshirildi.


Eng muhimi, tuberkulyoz va dorilarga turg‘un tuberkulyozni tashhislashda ushbu laboratoriyaning quvvati va xizmat ko‘rsatish sifati boshqa hududlarnikidan qolishmaydi. USAIDning “Tuberkulyozdan xoli O‘zbekiston” loyihasi esa Milliy tuberkulyozga qarshi kurash dasturi bilan birgalikda Sirdaryoda ishga tushgan, bakteriologik laboratoriya mutaxassislarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish, shuningdek, tuberkulyozni tezkor va zamonaviy tashhislashni yo‘lga quyish, laborator tashhislash sifatini oshirishda texnik ko‘mak ko‘rsatadi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri.