Yangi ko‘priklar qishloqqa ko‘rk bag‘ishladi
Azaldan yo‘l solgan, ko‘prik qurgan, suv keltirgan elda aziz sanalgan. Bu borada Buxoro viloyatining olis Olot tumanida ham amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami ortmoqda. Avvallari ta’mirtalab va o‘tish xatarli bo‘lgan ko‘prikdan qariyalar, ayollar va bolalar o‘z yumushlari bilan bozor-o‘charga qatnagan bo‘lsalar, nosoz ko‘prikdan avtomashinada o‘tib-qaytish ham xavfli edi. Bugunga kelib ko‘priklar qayta ta’mirlanmoqda.
Joriy yilda Qumkashon mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-202 “Eshakchi q. – Baxrombayot q” avtomobil yo‘lining 13,4 km qismidagi hamda Xalifa mahallasi Amu-Qorako‘l kanali ustidan “Shayx Adiz bobo” qabristoniga o‘tuvchi piyodalar osma ko‘prigi ta’mirlanib, aholini qiynab kelayotgan muammo o‘z yechimini topmoqda. Xalifa, Arabxona, Soloqorovul hamda Jayxunobod mahallalarini bog‘lovchi ko‘prik Buxoro muntazam yo‘llardan foydalanish davlat korxonasi tomonidan qayta ta’mirlanmoqda. Ko‘prikning qayta qurilishiga 10 dan ortiq maxsus texnika va 20 ga yaqin ishchi-mutaxassis jalb qilingan.


Tuman rahbari Nargiza Ne’matova ko‘priklarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
– Yangi ko‘priklar aholiga qulaylik yaratish bilan birga, avtomobil qatnovi masofasining qisqarishi hisobiga ma’lum vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish davlat korxonasi direktori Dostonjon Karimov. – Muhimi, endi bu ko‘priklardan mahalla ahli ortiqcha xavotirsiz o‘z manzillariga borib-kelishlari mumkin bo‘ladi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.