Yangi kitob taqdimoti: “Hirotga, bobomning huzuriga!” (+video)
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida shoir va publitsist Shahriyor Shavkat qalamiga mansub “Hirotga, bobomning huzuriga!” nomli kitob taqdimoti hamda adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.
“Jadid kutubxonasi” rukni ostida nashr etilgan mazkur safarnoma muallifning Afg‘onistonga amalga oshirgan safari davomida orttirgan taassurotlari, tarixiy voqealar, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy meros va bugungi hayot manzaralarini badiiy-publitsistik uslubda o‘zida mujassam etgan. Asarda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mavlono Lutfiy, Boborahim Mashrab va Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar, shuningdek, Mozori Sharif, Balx, Kobul, Hirot, G‘azni hamda Taxor viloyatlariga oid tarixiy va zamonaviy kuzatuvlar keng yoritilgan.
Taqdimot marosimi adabiyot, tarix va milliy merosni ulug‘lash ruhida o‘tib, unda kitobning g‘oyaviy-badiiy ahamiyati, xalqimizning tarixiy xotirasini asrash, ajdodlar merosini o‘rganish hamda yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Tadbirda “Jadid” gazetasi Bosh muharriri, loyiha rahbari Iqbol Mirzo, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abdulla A’zam, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov, Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktor o‘rinbosari Maqsud Asadov, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva ishtirok etib, kitobning mazmun-mohiyati, uning ma’rifiy va tarixiy ahamiyati, shuningdek, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etishdagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Adabiy kecha davomida muallif bilan samimiy ijodiy muloqot tashkil etildi. Ishtirokchilar kitobning yaratilish tarixi, safar taassurotlari hamda asarda aks etgan tarixiy voqealar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tadbir davomida she’riy chiqishlar va adabiy mushohadalar kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, kitobsevarlar uchun unutilmas taassurot qoldirdi.
Mazkur adabiy uchrashuv milliy adabiyotimiz, tarixiy xotiramiz va boy ma’naviy merosimizni keng targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda kitobsevarlar va ijod ahli o‘rtasidagi ma’naviy muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim madaniy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Batafsilhttps://youtu.be/Puin5E1NIyg
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov. O‘zA