Yangi kitob: "Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati"
Sudya u yoki bu jinoiy xatti-harakat yoxud nizoli ishga huquqiy baho berar ekan, qanchadan-qancha omillarni, sabab-oqibatlarni tosh-taroziga solib ko‘radi, tahlil qiladi, shundan so‘nggina hukm yoki qaror e’lon qiladi.
Har bir sud majlisining yakunida o‘qiladigan hukm nafaqat aybdorlar jinoyati yoki qilmishiga berilgan huquqiy baho, balki ayni chog‘da, sudyaning o‘zi tomonidan o‘ziga berilgan baho hamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tashabbusi bilan nashrga tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligigi (USAID) va BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida chop etilgan “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” nomli kitob yangi O‘zbekiston, yangi jamiyatning sudyasi qanday ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lishi lozimligi, uning ma’rifiy qarashlari, odobi, davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyati mezonlarini tarixiy voqeliklar hamda bugungi davr nuqtai nazaridan tahlil qiladi. Yana bir e’tiborli jihat, yangi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan tarixiy burilish pallasida adolatni qaror toptirishga qodir bo‘lgan sudyaning ma’naviy barkamolligiga ko‘maklashish eng asosiy maqsad.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyalari, fuqarolik, iqtisodiy hamda jinoyat ishlari shahar va tuman, tumanlararo sudlari raislari hamda sudyalari, sud xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi ma’naviyat soatida ushbu yangi kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi G.Bazarbayeva kirish so‘zi bilan ochdi. “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” nomli sudyalar ma’naviyati, tafakkuri, dunyoqarashi, kasbiy malakasi hamda insoniy odobi va axloqining shakllanishiga, shuningdek, mas’uliyatini oshirishga xizmat qiluvchi maqolalar, rivoyatlar, hadislar, masallar, she’rlar, hikoyalar va hikmatli maqolalar ularning faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Ushbu kitobning mazmun va mohiyati haqida so‘z olgan ma’ruzachilar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorovning umumiy tahriri ostida chop etilganligini, huquqiy ma’rifiy nashr bo‘lib hisoblanishini, ushbu kitobni chop etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yangi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan tarixiy burilish pallasida adolatni qaror toptirishga qodir bo‘lgan sudyaning ma’naviy barkamolligiga ko‘maklashish ekanligini qayd etdi. Mazkur kitob sudyalar, sud tizimi xodimlari, shuningdek, barcha davlat organlari xizmatchilari hamda keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. Bundan tashqari mazkur kitobda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ma’ruzalaridan keltirilgan iqtiboslar, buyuk shoirlar asarlari, xalq maqollari va sudyalarimizning sudyalik kasbiy malakasini oshirishda, hayotida, ishda va faoliyatidan tashqari vaqtlarda zarur bo‘lgan maqolalar o‘rin olgan.
Kitob o‘qish – olimlar tomonidan inson aqliy salohiyatining bir necha kun davomida yuqori holatda bo‘lishini isbotlagan. Yana kitob o‘qiydigan insonlar madaniy va ijtimoiy hayotda ham faol bo‘ladi. Muntazam kitob mutolaa qiladigan odamlarda fikrlash qobiliyati kuchli bo‘ladi.
Tadbirda kitobning inson kamolotidagi ahamiyati hususida so‘z bordi. Bundan so‘ng, barcha sudyalarga yangi nashr “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” kitobi topshirildi.

Gulayim G‘aniyeva,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining bosh konsultanti.
O‘zA