Yangi investitsiya loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi
Bugun dunyoda iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim mezonlaridan biri — investitsiyalarni jalb etish, sanoatni modernizatsiya qilish va hududlarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanishdir. Shu nuqtai nazardan, Qorovulbozor tumanida sanoatni rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aholi bandligini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat hududlariga investitsiyalarni keng jalb etish, xorijiy investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga qaratilgan tashabbuslar bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Ana shu vazifalarning mantiqiy davomi sifatida Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani hokimi O‘tkir Hamroyev Xitoyning “Quzhai Co” Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tuman iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish, mavjud sanoat korxonalarining imkoniyatlaridan unumli foydalanish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri — tumanda faoliyat yuritayotgan “Buxara Euro Sement” korxonasi bilan hamkorlikda sement mahsulotlari hamda gazobeton bloklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihasi muhokama qilinganidir. Bu tashabbus oddiy ishlab chiqarish loyihasi emas. U mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari turini kengaytirish, ichki bozor talabini ta’minlash, yangi sanoat zanjirlarini shakllantirish va eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Xitoylik investorlarga loyiha joylashtirilishi rejalashtirilayotgan hududning ishlab chiqarish salohiyati, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, mavjud sanoat imkoniyatlari, xomashyo bazasi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Investorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan qator savollar bilan murojaat qildi. Ularning har biriga mutasaddilar tomonidan aniq va asoslangan javoblar berildi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish, loyihaning texnik va iqtisodiy parametrlarini belgilash, infratuzilma masalalarini muvofiqlashtirish hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini aniqlash yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumki, har qanday hududning iqtisodiy qudrati faqat mavjud korxonalar soni bilan emas, balki yangi loyihalarni jalb qilish va ularni yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarga aylantira olish qobiliyati bilan ham belgilanadi. Qorovulbozorning sanoat salohiyati, transport-kommunikatsiya imkoniyatlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi esa yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun muhim omil hisoblanadi.
Ayniqsa, sement va gazobeton kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarishni kengaytirish hududda qurilish industriyasi bilan bog‘liq yangi kooperatsiya zanjirlarini vujudga keltirishi mumkin. Bu esa bir tomondan mahalliy bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlasa, ikkinchi tomondan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Loyiha amalga oshsa, yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi, aholi uchun munosib va doimiy ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy byudjet tushumlari oshadi. Eng muhimi, tumanda sanoat kooperatsiyasi yanada kuchayib, xorijiy sarmoya asosida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun yangi zamin yaratiladi.
Uchrashuv yakunida investitsiya loyihasini amaliy bosqichga olib chiqish, texnik va tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish, loyiha parametrlarini aniqlash hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Bu esa Qorovulbozorda investitsiya muhiti tobora kengayib, xorijiy hamkorlar bilan amaliy muloqotlar aniq loyihalarga aylanayotganidan dalolat beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri