Yangi film taqdimoti o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino saroyida “Qora kitob” nomli badiiy filmning premerasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kartina yoshlar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan mistika janridagi to‘liq metrajli badiiy film sanaladi. Unda o‘z madaniyati va tarixiga loqayd bo‘lgan, universitetda faqat diplom olish uchun o‘qiydigan, qiziqishi yangicha urfda kiyinish, zamonaviy telefondan iborat bo‘lgan talaba qizning jadidlar bilan bog‘liq mavzudagi kurs ishi sababli fikrlari, dunyoqarashini o‘zgarishi haqida hikoya qiladi.
Filmning o‘ziga xos jihati u tomoshabinni, ayniqsa, yoshlarni jadidlar harakati, ularning faoliyati bilan qiziqtira oladi. Mustabid tuzumning qora kunlari, yovuz qilmishlari, millatimiz oydinlari boshiga solgan zulm va qatag‘on haqida o‘ziga xos tarzda hikoya qilishi bilan ushbu film ko‘pchilikning e’tiborini tortishi tabiiy.

– Mazkur film yoshlarni jadidlar tarixini o‘rganishga, shuningdek, kitobga bo‘lgan mehri va qiziqishini tobora kuchaytirishga xizmat qiladi, – dedi filmda bosh rolni ijro etgan aktrisa Mahliyo Asqaraliyeva. – Men ijro etgan qahramon jadidlar mavzusida kurs ishi yozish uchun kutubxonaga boradi va filmning barcha voqeligi ayni shu jarayondan boshlanib ketadi.
Darhaqiqat, mazkur film sho‘rolar davrining qora qilmishlari, xalqimizning eng peshqadam, hur fikrli ziyolilarini qirg‘in qilish, xalqni manqurtga aylantirish, o‘zligidan judo etishdek yovuzliklarini haqqoniy ochib bergani bilan ahamiyatlidir. Ushbu ekran asarini ko‘rgan har bir tomoshabin istiqlolimizning, bugungi yorug‘ va farovon kunlarning qadriga yanada ko‘proq yetishi aniq.

Kartinaning ssenariy mualliflari – Sardor Mahmudov hamda Otabek Yo‘ldoshev. Postanovkachi rejissyor – Otabek Yo‘ldoshev, postanovkachi operator – Ilyos Islomov. Postanovkachi rassom – Isobek Egamberdiyev. Film uchun musiqalarni bastakor Doniyor A’zamov yozgan. Kartinaga ustoz rejissyor Hilol Nasimov badiiy rahbarlik qilgan.
Bosh rollarni Mahliyo Asqaraliyeva, Samidxon Lutfullayev, shuningdek, Murod Nasimov, Bobur Aytbagambetov, Ildar Kuyanchiyev, Isoqtoy Jumanov kabi aktyorlar ijro etgan.
N.Usmonova,
O‘zA