Yangi deputatlarning tarkibi, yoshi, mutaxassisligi qanday? (+video)
Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Saylov kodeksiga muvofiq, parlament saylovi yakunlari ko‘rib chiqildi. Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputat ro‘yxatga olindi.
Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Muxtabar Husanova ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida deputatlarning sifat tarkibi xususida ma’lumot berdi:
— Qonunchilik palatasiga yangidan saylangan deputatlarning sifat tarkibiga to‘xtalsak, ularning 2 nafari – 30 yoshgacha, 38,6 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 46,6 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 13,3 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi. Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani mamlakatimiz parlamenti tarixida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari saylangan deputatlarning 12,7 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 5 nafari rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafari koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz millatiga mansub.
Deputatlarning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 30 foizi – iqtisodchilar, 22 foizi – huquqshunoslar, 18,7 foizi – pedagoglar, 12 foizi – muhandislar, 9,3 foizi – tibbiyot sohasi vakillari, 8 foizi esa madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlardan iborat.
Deputatlarning 35 foizi ilmiy darajaga ega hisoblanadi. Ilk bor 3 nafar nogironligi bor shaxslar deputat etib saylangani bu toifa fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini parlamentda yanada kuchli himoya qilish imkoniyatini kengaytiradi, — dedi M.Husanova.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/f0bU9AWFr4k" title="Yangi deputatlarning tarkibi, yoshi, mutaxassisligi qanday?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA