Yangi Dang‘ara qad rostlamoqda(video)
Dang‘ara vodiy darvozasi. Dovondan tushasiz-u xushfe’l, tadbirkor, mehmondo‘st dang‘araliklarga ro‘baro‘ kelasiz.
So‘nggi yillarda tuman iqtisodiyotida katta o‘sish ro‘y berdi. Bu yerda to‘qimachilik korxonalari, tikuvchilik fabrikalari, xizmat ko‘rsatish majmualari ketma-ket ochildi. Tuman markazi esa go‘yo qayta qurilmoqda.

Muhtasham uy-joylar poytaxt yoki viloyat markazida emas, Dang‘ara tumanida qurilyapti. Zamonaviy loyiha, zamonaviy dizayn, zamonaviy qurilish materiallari. Yangi O‘zbekistonning yangi oilalariga munosib yashash maskani.
– Biz Uvaysiy mahallasida qurayotgan uy-joy majmuasi 392 ta xonadondan iborat. Loyihaga ko‘ra, barcha xonadon farzandlari uchun bolalar o‘yingohlari hamda yetarli darajada avtomobil turargohlari ham qurilmoqda, – deydi “VODIY STAR HAUSE” MCHJ ish yurituvchisi Dilshod Jo‘rayev. –Nolinchi qavatda esa majmuada yashaydigan ayollar, yoshlar uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari qurilib, ish o‘rinlari yaratiladi.

Ha, siz to‘g‘ri eshitdingiz, majmua 392 ta xonadondan iborat bo‘ladi. Avvalo gaz, suv, oqova kabi infratuzilmalarning yangi tarmoqlari tortildi.
– Turarjoyda liftlar o‘rnatilgan bo‘lib, u elektrdan uzilib qolgan taqdirda ham ishlashni davom ettiraveradi. Chunki liftlar quyosh panellariga ulangandir. Yana bir qulaylik shundan iboratki, majmua xonadonlariga santexnika, elektr jihozlari xizmati ko‘rsatish korxonasi ochiladi va unda aholi buyurtmasi tunu kun bajarilishi yo‘lga qo‘yiladi, – deydi Dilshod Jo‘rayev.
“VODIY STAR HAUSE” mas’uliyati cheklangan jamiyat qurilish ishlarini kelasi yil yakunlashi rejalashtirilgan.

Aslida Dang‘arada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar davlat rahbarining tashabbusi va topshiriqlari tufaylidir. Mana bu ham Dang‘ara, aniqrog‘i, eski Dang‘ara. O‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan binolar yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan. Mana endi ularni birma-bir buzib o‘rnida zamonaviy qulayliklarga ega uylar bunyod etish ishlari jadal olib borilmoqda. Ulardan birinchi majmuasini “GEFEST EAGLE” mas’uliyati cheklangan jamiyati quryapti.

– Ikki qavatli uylar o‘rnida renovatsiya dasturi asosida 7-9 qavatli uylar quryapmiz. Ularda barcha qulaylik mavjud bo‘ladi, – deydi “GEFEST EAGLE” MCHJ ish yurituvchisi Saidkamol Valiyev. – Bolalar maydonchalari, gaz, suv, elektr ta’minoti barqarorligi ta’minlangan. Bu binoda 56 ta xonadon bo‘lib, ulardan 7 tasini quramiz. Jami 392 ta oila yangi uyli bo‘ladi.
Ha, shu renovatsiya dasturining birinchi loyihasidayoq Dang‘ara tumanida yana 392 ta uy yangidan bunyod bo‘ladi. Bu hali hammasi emas.
Vodiy darvozasida yangi Dang‘ara qad rostlayapti.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Pvy5evGXu8k?si=WRQx48cCDa4_902b" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA muxbirlari