Yangi bog‘lar yangicha usulda tashkil etiladi
Jomboy tumanidagi “Bog‘bon” in-vitro laboratoriyasida Samarqand viloyatida bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona va ko‘chatchilik xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish hamda eksport salohiyatini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Tumanlar qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, fermer va bog‘bonlar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etgan tadbirda sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish, zamonaviy texnologiyalar asosida ko‘chat yetishtirish, issiqxona xo‘jaliklarida samaradorlikni oshirish hamda dala chetlaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi. Eksportbop mahsulotlar yetishtirishda innovatsion yondashuvlar, laboratoriya sharoitida ko‘chat ko‘paytirishning afzalliklari va amaliy natijalari yuzasidan ma’lumot berildi.

Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari B.Jabborovning qayd etishicha, joriy yilda viloyatdagi iqtisodiy samarasiz, kam hosilli 1,1 ming gektar mevali bog‘ va 1,7 ming gektar uzumzor rekonstruksiya qilinadi. 1,4 ming gektar mevali bog‘, 1,3 ming gektar tokzor yangidan barpo etiladi. Bu maydonlarda asosan in-vitro usulida tayyorlangan ko‘chatlar ekiladi.

Seminarda olimlar, soha mutaxassislari in-vitro usulida ko‘chat yetishtirishning afzalliklari va samaradorligi, ushbu nihollarni ekish va parvarishlashda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan bog‘bon va fermerlarga maslahat, tavsiyalar berdi.


Tadbir davomida ishtirokchilar “Bog‘bon” in-vitro laboratoriyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Ko‘chat yetishtirish jarayonlari, ularning sifat va hosildorlikka ta’siri bo‘yicha mutaxassislar bilan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari