Yangi bog‘cha faoliyatidan aholi mamnun
Zangiota tumanida 150 o‘rinli zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman hokimi Erkin Rustamov, soha mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniylar, ota-onalar ishtirok etdi.
Yangi bog‘cha Turopobod mahallasida joylashgan bo‘lib, byudjet mablag‘lari hisobidan qariyb 3 milliard 900 million so‘m evaziga bunyod etildi. Zamonaviy loyiha asosida qurilgan ta’lim maskani 150 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega. Ma’lumki, ushbu hududdagi 1965-yilda qurilgan 29-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi avariya holatiga kelgani sababli faoliyati to‘xtatilgan edi. Endilikda uning o‘rnida barcha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi bog‘cha foydalanishga topshirilib, bolajonlar uchun qulay va xavfsiz ta’lim muhiti yaratildi.
Tadbir mehmonlari yangi binoda yaratilgan sharoitlar, yorug‘ va shinam guruh xonalari, musiqa hamda sport zallari, zamonaviy oshxona, o‘yin maydonchalari va tarbiyalanuvchilarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qiladigan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Mazkur loyiha Zangiota tumanida maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya berish hamda hududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining navbatdagi amaliy natijasi bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA