Yangi biznes uchun olti oylik bepul xizmat
O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish, tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish hamda davlat xizmatlari sifatini oshirish borasida yana bir muhim qadam tashlandi. Prezidentimizning joriy yilning 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjat soliq tizimini faqat nazorat qiluvchi mexanizm emas, balki tadbirkor va fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy institut sifatida shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Farmonda 2030-yilga qadar Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu esa O‘zbekistonda biznes yuritish muhiti yanada yaxshilanishi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar qisqarishi va investorlar uchun qulay sharoit yaratilishini anglatadi.
Soliq tizimining shaffof va raqamlashgan bo‘lishi iqtisodiyotga investitsiya jalb qilishda muhim omil hisoblanadi. Chunki, tadbirkor uchun eng asosiy masalalardan biri — barqaror va tushunarli soliq siyosati mavjudligidir.
2026-yil 1-iyuldan boshlab amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar soliq to‘lovchilar uchun ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Jumladan, tekshiruvdan oldingi tahlil jarayonida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki qo‘shimcha asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinishi tadbirkorlar uchun muhim yengillik bo‘ladi.
Bu o‘zgarish orqali soliq organlari va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarda ishonch muhitini kuchaytirish, tadbirkorni ortiqcha hujjatbozlikdan xalos etish maqsad qilingan.
Shuningdek, xavf darajasi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun ogohlantirish tizimi joriy etiladi. Endi aniqlangan kamchiliklar haqida avvaldan xabar beriladi va ular bir oy ichida bartaraf etilsa, soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
Bu amaliyot jazolashdan ko‘ra profilaktikaga ustuvor ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni, davlat tadbirkorni jazolash emas, uning xatosini to‘g‘rilashga ko‘maklashish yo‘lini tanlamoqda.
Farmonda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Endilikda yangi biznes sub’ektlari o‘z xohishiga ko‘ra dastlabki 6 oy mobaynida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmatidan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu xizmat “Soliq-servis” AJ tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur yangilik ayniqsa, faoliyatini endi boshlagan kichik biznes va yosh tadbirkorlar uchun muhim qo‘llab-quvvatlov mexanizmi bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Chunki ko‘p holatlarda yangi biznes vakillari hisobot topshirish jarayonida murakkabliklarga duch keladi. 2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etilishi esa tizimdagi eng muhim yangiliklardan biri sifatida baholanmoqda.
Endi soliq to‘lovchilar soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, xizmat ko‘rsatish sifati, murojaatlarga munosabat va soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanayotgan vaqtni baholay oladi.
Bu esa davlat xizmatlarini “idora uchun emas, inson uchun” tamoyili asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Qolaversa, mazkur tizim soliq organlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini ham shakllantirishi mumkin.
Mazkur farmonning amaliyotga to‘liq joriy etilishi soliq tizimida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytiradi. Tadbirkorlarning vaqt va xarajatlarini qisqartiradi. Korrupsiyaviy omillarni kamaytiradi. Davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Raqamli davlat xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA