Yangi binolar, yangi sharoitlar, yangi imkoniyatlar
Farg‘ona viloyatining janubi g‘arbida joylashgan O‘zbekiston tumani qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh. Mazkur hududda davlatimiz chegaralarini qo‘riqlashni amalga oshirib kelayotgan sarhadlarimiz posbonlarining zamon bilan hamnafas yashashlari va xizmat olib borishlari uchun “Tumanbotir” mahalla fuqarolar yig‘inidagi tog‘ osti adirliklarida yangi chegarani qo‘riqlash vzvodi barpo etildi.
Dengiz sathidan 850 metr balandlikda, yer maydoni bir yarim gektarga yaqin hududda bunyod etilgan ko‘rkam harbiy shaharchada vatan sarhadlarini qo‘riqlashni hayotining mazmuniga aylantirgan harbiy xizmatchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.


Xususan, vzvodda chegarani qo‘riqlov tizimiga joriy etilgan zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalari sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash va jangovar-xizmat faoliyatini samarali tashkil etishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurt himoyachilarining jangovar ruhini yanada oshirish maqsadida vzvodning tashqi ko‘rinishi buyuk sarkardalarning harb ishi xususidagi ibratli so‘zlari tushirilgan targ‘ibot vositalari bilan jihozlangan bo‘lsa, ma’muriy binoning keng yorug‘ yo‘laklari bo‘ylab sohibqiron Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi hayoti hamda harbiy mahoratidan hikoya qiluvchi ko‘rgazmali stendlar joy olgan.


Harbiy xizmatchilarning bilim va salohiyatini yanada oshirish borasida tashkil etilgan o‘quv sinflarida ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik jarayonini samarali olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 2000 ga yaqin milliy va jahon adabiyotining bosma va elektron namunalarini o‘zida jamlangan kutubxona ham yurt himoyachilarining ma’naviy olamini boyitishda katta ahamiyatga ega.
Peshtoqlarida milliy kolorit va umumiy ko‘rinishida zamonaviylik o‘zaro uyg‘unlashgan shinam oshxona ham harbiy xizmatchilar ixtiyorida. Maishiy xizmat ko‘rsatish xonasi ham amalda foydalanish uchun barcha zaruriy anjomlar bilan jihozlangan.


Harbiy xizmatchilarning jismonan chiniqishi va sport bilan shug‘ullanishlari uchun bino ichkarisidagi sport zalda kerakli jihozlar mavjud, tashqarida barpo etilgan sport shaharchasida boks, futbol, qo‘l jangi, voleybol, yengil atletika, MMI kabi sport turlari bilan shug‘ullanish mumkin. Ahamiyatlisi, endilikda vzvod hududidan 5 chaqirim pastda joylashgan “Tumanbotir” mahallasi yoshlari ham mazkur sport shaharchasidan foydalanib, jismonan chiniqishlari mumkin.
Chegarachilarning amaliy tayyorgarlik jarayonini tashkil etish uchun vzvod hududida amaliy o‘q otish maydonchasi, izquvarlik maydoni, muhandislik shaharchasi ham barpo etilib, zarur stendlar bilan jihozlangan.


Majmuani foydalanishga topshirish marosimida Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyati, harbiy ma’muriy sektor rahbarlari, nuroniylar, harbiylarning oila a’zolari va mehmonlar ishtirok etdi. Ushbu harbiy shaharcha davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan alohida e’tibori va “Inson qadri uchun” degan g‘oya asosida olib borayotgan xalqchil siyosatning amaldagi ifodasi ekani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng harbiy shaharchada chegarachilarning munosib turmush sharoitlarini ta’minlash uchun barpo etilgan xizmat uyidagi 2 va 3 xonali yangi xonadonlar kalitlari o‘z sohiblariga topshirildi. Ramziy bog‘ichlar kesilgach, mehmonlar baland, yorug‘, shinam xonadonlarni ko‘zdan kechirib, bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdilar. Xizmat uylari hovlisidagi ko‘rkam bolalar maydonchasi ham endilikda kichkintoylarning sho‘x-shodon kulgusi bilan to‘ladigan bo‘ldi.


Quvonarli jihatlaridan yana biri, harbiy shaharcha hududida yurt himoyachilarining farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish maqsadida, maktabgacha ta’lim tashkilotining 20 o‘ringa mo‘ljallangan qisqa muddatli guruhi binosi ham qad rostladi. Kichkintoylar uchun zaruriy barcha jihozlar bilan ta’minlangan ushbu maskanda harbiy xizmatchilarning tegishli ma’lumot va malakaga ega bo‘lgan turmush o‘rtoqlari uchun ish o‘rinlari yaratildi.
Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, sarhadlarimiz posbonlari endilikda zamon talablari asosida barpo etilgan mazkur harbiy shaharchada yaratilgan qulayliklardan unumli foydalanib, oilasidan ko‘ngli to‘q holda davlat chegaralarini yanada mas’uliyat bilan, mustahkam qo‘riqlaydilar.
Farida Bobojonova
DXX Chegara qo‘shinlari xodimi,
Mayor