Yangi avlod jurnalistlari – «Sharafli yo‘l»da
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan yosh ijodkorlar o‘rtasida «Sharafli yo‘l» videoroliklar ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi yoshlarga xos jo‘shqin, zavqli va juda samimiy ruhda o‘tkazildi. Tadbirga ustoz jurnalistlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan hamkasblar, yosh ijodkorlar taklif etildi.
Ko‘rik-tanlovdan asosiy maqsad — yosh jurnalistlar va blogerlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy media vositalari orqali Vatan, istiqlol va yurtimiz hayotini ta’sirchan yoritishga rag‘batlantirish, shuningdek, sifatli videokontent yaratish madaniyatini rivojlantirishdan iborat.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi, taniqli ijodkor va shoir Shuhrat Oripov mamlakatimizda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar ezgu an’anaga aylanganini ta’kidladi.

– Har bir kunimiz, har bir daqiqayu lahzamiz yangilanishlar bilan kechmoqda, — dedi Uyushma raisi Shuhrat Oripov. – Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizning bosib o‘tgan yo‘li chin ma’noda sharafli yo‘ldir. Bu yo‘lda erishilgan yutuqlarga xalqimizning fidokorona mehnati va salohiyati orqali erishdik. Bunga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Bugungi avlodga Yangi O‘zbekistonni qurishdek buyuk bir sharaf nasib etmoqda.
Ana shu jarayonlarda, albatta, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va bu sohada kamol topayotgan yoshlarimizning juda katta o‘rni bor. Bugungi tadbirda ustozlarimiz ham ishtirok etmoqda. Har birimiz davlatimiz rahbarining ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalarni anglagan holda, belgilab berilgan yettita milliy dasturni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz kerak. Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, keyingi taraqqiyotimiz milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Jamiyatning eng ilg‘or ziyolilari bo‘lgan jurnalistlar bu jarayonda faol ishtirok etishlari zarur. Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsadimiz ham jurnalistikaning yangi avlodini tarbiyalash va bu jarayonga faol hissa qo‘shishdan iborat. Shu ma’noda, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bugungi kabi tanlovlar orqali yoshlarimizni va jurnalistikaning yangi avlodini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Bularning barchasi birgalikda olib borilayotgan ishlarimizning amaliy natijasidir. Mamlakatimizdagi islohotlarning yorqin namunasini bugungi tadbir misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Biz – jurnalistlar ham yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratish harakatidamiz, yangi rejalar tuzmoqdamiz. Bugungi tadbirimiz buning debochasidir.

Tanlov uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi: professional ijodkorlar uchun «Eng yaxshi videorolik», «Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan eng yaxshi videorolik» hamda «Mobilografiya asosida yaratilgan eng yaxshi videorolik». Unda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh jurnalistlar va blogerlar o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.
«Sharafli yo‘l» ko‘rik-tanlovi haqidagi ilk e’londan so‘ng ijodiy ishlar 2026-yil 28-avgustga qadar qabul qilindi. Shu davr mobaynida ishtirokchilar tomonidan turli mavzularda, zamonaviy yondashuv va kreativ g‘oyalarga asoslangan videoroliklar taqdim etildi. Tanlov jarayoni, e’lonlar va muhim bosqichlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining rasmiy Telegram kanali orqali muntazam yoritib borildi.

Kelib tushgan ijodiy ishlar professional hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqildi. Bunda ishtirokchilarning g‘oya va mazmunni ochib berish mahorati, tasviriy yechim, montaj, ijodiy yondashuv hamda zamonaviy media talablariga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi. Har bir ish xolis va adolatli baholanib, eng munosib ijodiy ishlar saralab olindi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari aniqlanib, ularning ijodiy ishlari munosib e’tirof etildi. Tantanali taqdirlash marosimida g‘oliblarga belgilangan sovg‘alar va esdalik mukofotlari topshirildi.
– Men ko‘p yillardan buyon mobilografiyaga qiziqaman, – dedi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, tanlov g‘oliblaridan biri Omina Ismoilova. — Taqdim etgan ijodiy ishimda mamlakatimiz yoshlarining orzu-umidlari, ularning ezgu intilishlarini aks ettirishga harakat qildim.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga tavsiya etilgan bir guruh jurnalistlarga Uyushma a’zolik guvohnomalari ham tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida «Jurnalist» badiiy filmi namoyish etildi.
«Sharafli yo‘l» videoroliklar ko‘rik-tanlovi yosh jurnalistlar va blogerlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy media imkoniyatlaridan samarali foydalanishga rag‘batlantirish va jurnalistikaning yangi avlodini shakllantirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (суратлар),
O‘zA muxbirlari