YANGI ASAR: “Vabo – insonlar uchun bir sinov”
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining bevosita tashabbuslari va umumiy tahrirlari ostida “Vabo – insonlar uchun bir sinov” nomli yangi kitob nashrdan chiqdi...
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining bevosita tashabbuslari va umumiy tahrirlari ostida “Vabo – insonlar uchun bir sinov” nomli yangi kitob nashrdan chiqdi...
Alloh taolo insoniyatni irodali va qatʼiyatli qilib yaratgan. Odamzot har qanday vaziyatga koʻnikishi, har turli balo-ofat, oʻlat va musibatni osonlikcha yengib oʻtishi mumkin. Illo, buning ham oʻziga yarasha shartlari bor. Avvalo, tabiiyki, bu borada Alloh taoloning kalomiga, suyukli Paygʻambarimizning sunnatlariga, ulugʻlarning hayotiy tajribalariga ergashiladi. Eng muhimi, davlat joriy etgan qatʼiy qoidalarga rioya qilish shart.
Xabaringiz bor, oradan besh oydan ziyodroq vaqt oʻtgan esa-da, hanuz butun dunyo koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash olib boryapti. Qatʼiy choralar qoʻllanishi tufayli bu balo biroz chekingan boʻlsa-da, biroq karantin talablari yumshatilishi bilan bu ofat yana darrov boʻy koʻrsata boshlayapti.
Soʻz isboti bilan goʻzal. Joriy yil 9-iyun, soat 23:00 holatiga koʻra, dunyo miqyosida ushbu infeksiyaga chalinganlar soni 7 million 265 ming nafardan oshib ketdi. Oʻlat 411 ming nafardan ziyod kishining yostigʻini quritdi.
Mamlakatimizda esa 4520 kishi ushbu kasallikni yuqtirib olgan.
Soʻnggi kunlarda yurtdoshlarimiz karantin qoidalariga rioya qilishda sustkashlikka yoʻl qoʻyishayotgani oqibatida aholi orasidan ham kasallanganlar aniqlanyapti. Bu tashvishlanarli hol, albatta. Yuqorida keltirilgan raqamlar shunchaki sonlar emas, balki ular ortida qanchadan-qancha maʼsum insonlarning, mushtipar keksalarning, begunoh goʻdaklarning taqdiri bor.
Butun dunyo xalqlari koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish uchun bor kuch-gʻayratini, mablagʻini safarbar qilayotgan, tibbiyot xodimlari haftalab, oylab laboratoriyalardan chiqmay, izlanishlar olib borayotgan bir paytda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan, taʼbir joiz boʻlsa, koronavirusga qarshi “maʼnaviy vaksina” ishlab chiqildi.
...“Vabo – insonlar uchun bir sinov” kitobi shunisi bilan ahamiyatliki, undan oʻquvchi “Koronavirus qanday kasallik?”; “Pandemiya nima?”; “Vabo roʻy bersa, qanday yoʻl tutish kerak?”; “Tariximizdagi dahshatli oʻlat qanday daf etilgan?” kabi savollarga ham diniy, ham tibbiy, ham zamonaviy jihatdan aniq javoblar oladi.
Bir mavzuni oʻz vaqtida, batafsil, har jihatdan ochib bergan asar qoʻlma-qoʻl mutolaa qilinadi, deyishadi. Haq gap. Ushbu asarning ahamiyati shundaki, unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiya tarqalishining oldini olish boʻyicha Fatvosi ham oʻrin olgan. Buni bugungi sharoitda har bir moʻmin-musulmon kishi oʻqib bilib olishi shart.
Issiq jonni isitmasiz, hayotni oʻlimsiz tasavvur qilish qiyin. Bunday vaziyat (koronavirus infeksiya tufayli joriy etilgan karantin)ga ilk marta duch kelyapmiz (boshqa duch kelmaylik, insha Alloh). Bunday paytda janoza va dafn marosimlari qanday oʻtkaziladi? Mabodo, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemor vafot etsa, u qanday dafn etiladi?
Albatta, bunday savollar boshiga shunday ish tushgan kishilarni oʻylantirishi tabiiy. “Vabo – insonlar uchun bir sinov” kitobida ana shu va boshqa muhim savollarga javob topishingiz mumkin.
Shu bilan birga, hajga borishni, muqaddas zaminni, Muhammad sollallohu alayhi va sallamning muborak masjidlarini, Ravzai sharifni, musulmonlar qiblasi – Kaʼbatullohni koʻrishni orzu qilmagan kishi boʻlmasa kerak. Shunday ekan, har yilgidek, bu yil ham yetti ming nafardan ziyod yurtdoshimiz Islomning beshinchi arkonini ado etish uchun umr safariga otlanishadimi?
Bu haqda “Tarixda yuqumli kasallik va boshqa sabablar tufayli haj bekor qilingani haqidagi” mavzuni oʻqib bilib olishingiz mumkin.
Xullas, mutolaa muhiblarining kitob javonlari yana bir durdona – “Vabo – insonlar uchun bir sinov” kitobi bilan boyiydigan, qalblari yangi asar bilan nurafshon boʻladigan boʻldi. Alloh taolo ushbu kitobni xayrli qilsin.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi Muhammadayyubxon Homidov toʻplagan yangi asar Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga qarashli yangi ochilgan “Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida chop etildi.
Kitobga A.Xoʻjamov, T.Nizomov, J.Shodiyev muharrirlik qilgan.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati