“Yandeks” Samarqandning virtual kartasini yaratmoqda
Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari tufayli turli mamlakatlar va shaharlar aholisi Samarqand koʻchalari boʻylab virtual sayr qilgan holda uning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishishi mumkin.
Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari tufayli turli mamlakatlar va shaharlar aholisi Samarqand koʻchalari boʻylab virtual sayr qilgan holda uning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishishi mumkin. Bu ularga qadim shahar meʼmorchiligi va madaniyati haqida yanada koʻproq maʼlumotga ega boʻlish, uning nozik koloritini his etish imkonini beradi.
Bu kabi virtual sayohatlar shaharga koʻplab xorijiy sayyohlarni jalb etishga yordam beradi, turizm infratuzilmasi va mehmonxona biznesini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Samarqandning diqqatga sazovor joylari haqidagi yangi virtual karta uchun materiallar tayyorlash ishlari avjida. Hozirgi kunda shahar koʻchalarida maxsus kameralar yordamida 360 gradus kenglikda panorama suratlari olinmoqda.
“Yandeks. Panoramalar” – bu “Yandeks. Kartalar” loyihasining kengaytirilgan talqinidir. Ushbu servis koʻchalar, binolar va shahar panoramalarining uch oʻlchamli turlarini koʻrish imkonini beradi.
Samarqand Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri boʻlib, u 2750-yillik tarixga ega. Shahar ikki ming yildan ortiq davr mobaynida Buyuk Ipak yoʻlida Xitoy va Yevropa oʻrtasidagi eng muhim markazlardan hamda Oʻrta asrlar sharqidagi ilm-fan va meʼmorchilik markazlaridan boʻlgan. Amir Temur Samarqandni oʻz davlatining poytaxtiga aylantiradi. Ushbu azim shahardagi asosiy diqqatga sazovor joylar – Ulugʻbek madrasasi, qator maqbaralar va ajoyib Bibixonim masjidi Temuriylar davriga taalluqli.