Yana bir oila qayta tiklandi
Oila muqaddas dargoh. Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishida er-xotinning o‘zaro bir-birini qo‘llagan holda munosabatda bo‘lishi muhim rol o‘ynaydi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi.
Fuqaro Z.Kabulova oilaviy kelishmovchilik sababli 2021 yilning fevral oyida ikki nafar farzandi bilan erining uyidan chiqib, ota-onasining uyiga ketadi. Bu holat Z.Kabulovaning hayotida birinchi marotaba emas edi. Natijada voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undiruvi bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Sud buyrug‘i ijrosini ta’minlash uchun Majburiy ijro byurosi Buxoro tumani bo‘limi ish yurituviga yuboriladi.
– Bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdor J.Zakirov tomonidan aliment pullari o‘z vaqtida to‘liq to‘lanmaganligi sababli, Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tumani sudining 2021 yil 17 iyundagi qaroriga asosan unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, – deydi Byuroning Buxoro tuman bo‘limi davlat ijrochisi A.Qandaxorov. – Qarzdor o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay voyaga yetmagan farzandlari moddiy ta’minoti uchun to‘lashi kerak bo‘lgan aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamasdan kelganligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari boshlandi. Surishtiruv jarayonida undiruvchi Z.Kabulova va qarzdor J.Zakirovlar o‘zaro yarashib, kelishganliklari sababli Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tumani sudining 2022 yil 11 maydagi ajrimiga asosan J.Zakirov jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.
Asosiysi jamiyatning o‘zagi bo‘lgan yana bir oila qayta tiklandi. Bolalarning o‘z uylarida ota-onalari bag‘rida yashashlariga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA