Yamanga eltuvchi xavfli yo‘l: dengizda 139 kishi halok bo‘ldi
Afrika sharqida joylashgan Jibuti qirg‘og‘ida migrantlar qayig‘i cho‘kib ketishi oqibatida kamida 139 kishi halok bo‘lgan, 84 kishi bedarak yo‘qolgan. BMT Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, qayiqda Yamanga yo‘l olgan 305 kishi bor edi.
Fojea 9-oktabrga o‘tar kechasi Obok shahri yaqinida yuz bergan. Qutqaruvchilar sa’y-harakati bilan marhumlarning jasadi, shuningdek 80 dan ko‘p odam tirik holda suvdan olib chiqilgan. Yo‘qolganlarni qidirish davom etyapti.
Jibuti Yaman va Fors ko‘rfazi davlatlariga o‘tishga urinayotganlar uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Qit’adagi qashshoqlik va xavfsizlik muammosi, iqlim o‘zgarishi oqibati minglab odamni xatarli dengiz safarini tanlashga majbur qilmoqda. Joriy yil mart oyida ham Jibuti qirg‘og‘ida qayiq cho‘kib, to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, 45 kishi bedarak yo‘qolgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA