“Yaldo kechasi” – ajdodlarning iztiroblari, orzu-armonlaridan so‘zlovchi asar
...Olis, sovuq, quyoshko‘rmas yurtlarga yo‘l olgan poyezd alamli pishqiradi. Uning guvillashida Vatan sha’ni, uning hurligi va ozodligini dunyoda barcha narsadan ustun bilgan insonlarning armonlari, iztiroblari bordek.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” nomli asarining yoshlar, adabiyot muxlislari uchun o‘ziga xos taqdimoti ana shunday kutilmagan va ayni paytda ta’sirchan lavha bilan boshlandi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan “So‘z” loyihasi doirasidagi ushbu tadbir keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Aytish kerakki, mazkur asar mamlakatimiz adabiy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Ayni paytda oddiy o‘quvchilar orasida uni mutolaa qilmaganlar ham ko‘pchilikni tashkil etishi ayni haqiqatdir.
Ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” asariga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan she’riy-konsert dasturi aslida biroz mahzun adabiy ma’rifiy kecha tarzida o‘tkazildi. Negaki, Vatan haqida qayg‘urgan, uning taqdiriga o‘z taqdirini bog‘lagan, Vatanni deb, insonga bir marta ato etiluvchi eng shirin ne’mat – hayotiga yakun yasalgan ajdodlarimizning umr yo‘li iztirobli, hasratlarga to‘la ekani barchamizga yaxshi ayon.
Bugungi murakkab globallashuv davrida yoshlarni kitobxonlikka jalb etish g‘oyat muhim masala ekani tobora ayon bo‘lmoqda. Mukammal badiiy asarni yoshlarga kengroq taqdim etishda esa “So‘z” loyihasi kabi ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati beqiyosdir.
– “So‘z” loyihasi mana bir necha oydirki, yaxshi an’anaga aylandi, – dedi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Bu loyiha yoshlarni kitobxonlikka da’vat etishdek maqsadlarni ko‘zlaydi. “Yaldo kechasi” asari bilan adabiyotimizda yangi davr boshlandi. Bugungi dorilomon kunlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaganini tushunish uchun ham shunday asarlar kerak.
– Adabiyotda haqiqat badiiy usullarda talqin etiladi, – dedi navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov. – Men bu asarni hamma o‘qisin, demayman. Bu asarni millat uchun qayg‘uradigan, imonli odamlar o‘qisin, deyman! Vatanni imonning asosiy sharti, deb qabul qiladiganlar bu asarni o‘qishi kerak!
Taqdimot davomida asar tafsilotlari asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi. Sahna talqini tomoshabinlarga asar ruhini chuqur his etish, qahramonlar kechinmalarini jonli idrok etish imkonini berdi. Shuningdek, musiqiy chiqishlar, jumladan, ta’sirchan qo‘shiqlar va bugun milliy she’riyatimizda o‘z dadil ovozi bilan muxlislar mehrini qozongan bir guruh yosh shoirlarning Vatan, istiqlol haqidagi she’rlari kechaga alohida badiiy ruh bag‘ishladi.
Alohida ta’kidlash joizki, “Yaldo kechasi” asari o‘zbek adabiyotining buyuk namunalaridan biri — O‘tgan kunlar muallifi Abdulla Qodiriy qoldirgan ma’naviy an’analarning zamonaviy davomidek yangraydi. Asarda milliy ruh, inson taqdiri va davr nafasi badiiy jihatdan chuqur ifoda etilgan. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar yosh avlodda kitobxonlikka qiziqish uyg‘otish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“So‘z” — bu shunchaki loyiha emas. U qalbni uyg‘otuvchi kuch, tafakkurni boyituvchi va jamiyatni ezgulikka chorlovchi ma’naviy minbardir. Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar esa badiiy so‘zning beqiyos qudratini yana bir bor namoyon etmoqda.
[gallery-28424]
– “Yaldo kechasi” asarini mashhur asarning davomi, deb jo‘ngina aytish unchalik ham to‘g‘ri emas, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam. – Bu – yuz yil hurlik deb yashagan bobolarimiz oldidagi qarz. Hazrat Qodiriyning romaniga tatabbu tarzida yaratilgan mazkur asar jadid bobolarimizning orzulari haqidagi o‘ziga xos hikoyadir. Uni darslik sifatida o‘rganish kerak.
“So‘z” loyihasining adabiyotimizda muhim voqelikka aylangan asarga bag‘ishlangan dasturi g‘oyat samimiy, ta’sirchan ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA