«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!»
Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ushbu ezgu shiorni o‘zida uyg‘unlashtirgani, mamlakatimiz taraqqiyotining yorqin manzaralarini namoyon etgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA hamda hamkor tashkilotlar — O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zarxiv” agentligi va Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Eng ulug‘, eng aziz ayyom — Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan mazkur fotoko‘rgazmaning ochilish marosimiga turli vazirlik va idoralar, mamlakatimizdagi xorijiy elchixonalar vakillari, keng jamoatchilik, ijodkorlar hamda talaba-yoshlar taklif etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘tgan 35 yillik davr mobaynida O‘zbekiston ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganini, mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar yurtimizning bugungi qiyofasida yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. Mazkur fotoko‘rgazma esa ana shu taraqqiyot yo‘lining o‘ziga xos ko‘zgusi sifatida namoyon bo‘ldi.
[gallery-31003]
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktorining o‘rinbosari Sherzod Sodiqov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Qo‘ldoshev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev, Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali To‘g‘janov va boshqalar o‘z chiqishlarida ko‘rgazmaning tarixiy va ma’naviy ahamiyati xususida fikr bildirdi.
— Agentligimiz o‘z faoliyat solnomasini 1918-yildan boshlagan, — dedi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev. — Shu vaqt mobaynida agentlikda ulkan va unikal fotojamlanma shakllangan. Bugungi kunda ushbu noyob tarixiy suratlar fotobankini yaratish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar yakuniga yetgach, fotografiya san’ati muxlislari yurtimizning eng yaqin tarixiga oid noyob fotosuratlardan bahramand bo‘lishlari mumkin. Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston tarixining kadrlarga muhrlangan nodir tasvirlarini, ayniqsa, istiqlol yillarida erishilgan ulkan yutuqlarni yurtdoshlarimizga taqdim etishi bilan ahamiyatli.
— “Vatan” so‘zi barchamiz uchun muqaddas tushuncha, — dedi Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali To‘g‘janov. — Xalqlarimiz azaldan qondosh-qardosh bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha jabhalarda shiddat bilan taraqqiy etmoqda. O‘zbekistonning istiqlol yillarida erishilgan yutuqlarini namoyish etishda bu kabi ko‘rgazmalarning ahamiyati g‘oyat katta.
Fotoko‘rgazmada mamlakatimizning 1928-yildan to hozirgi davrgacha bo‘lgan tarixi keng yoritilgan. Unda yurtimiz hayotining turli davrlariga oid nodir fotosuratlar, xususan, mustaqillikning ilk yillarida nishonlangan bayram tadbirlari, sanoat rivoji, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar, ta’lim sohasidagi yutuqlar, sportchilarimizning xalqaro musobaqalardagi munosib ishtiroklari o‘z aksini topgan.
Shuningdek, sanoat va ishlab chiqarish, ijtimoiy soha, milliy an’ana va qadriyatlarni ravnaq toptirish borasida amalga oshirilgan ezgu va tizimli ishlar ham fotosuratlar orqali yorqin ifoda etilgan.
150 dan ortiq fotosuratni o‘zida jamlagan ko‘rgazma ekspozitsiyasi taraqqiyotning shiddatli odimlari bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida o‘zining yorqin ifodasini topayotganini aks ettirgani bilan diqqatga sazovor.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan har bir fotosurat muayyan davr, voqea va insonlar hayoti haqida hikoya qiladi. Ularda mamlakatimiz hayotida yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar, xalqimizning orzu-intilishlari, bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari o‘z ifodasini topgan.
— O‘tgan yillar davomida jonajon Vatanimiz — O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi, — dedi afsonaviy suxandon Galina Melnikova. — Bugun O‘zbekiston jahonga o‘z so‘zini aytmoqda. Uning dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni, mavqei bor. Yurtimizda barcha jabhalarda jadal rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Maqsad sari intiluvchan, dadil yoshlarimizga ko‘plar havas qiladi. Ular bugun yangi hayot, yangi kelajakni yaratmoqdalar. Ushbu ko‘rgazma o‘zini shu aziz diyorning farzandi deb bilgan har bir inson qalbida cheksiz g‘urur va iftixor uyg‘otadi. Men O‘zbekiston bilan g‘oyat faxrlanaman.
Darhaqiqat, ushbu fotoko‘rgazma orqali tarixiy xotira va bugungi taraqqiyot o‘rtasidagi o‘zaro uzviy bog‘liqlik, xalqimizning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari yaqqol namoyon bo‘ladi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov, Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari