XXII madaniy an’analar va milliy taomlar xayriya festivali bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik servis xizmati tomonidan an’anaviy XXII madaniy an’analar va milliy taomlar xayriya festivali tashkil etildi. Turli mamlakat diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilot va milliy madaniyat markazlari ishtirok etgan tadbir madaniy muloqot, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi yirik xalqaro maydonga aylandi.
Anjumanda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan 25 dan ziyod xorijiy jamoa, jumladan Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Eron, Italiya, Xitoy, Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Falastin, Ruminiya, Indoneziya, Tojikiston diplomatik vakolatxonalari, BMT, SHHT MATT, shuningdek qator milliy madaniyat markazlari o‘z milliy taomlari, an’analari va madaniy dasturlarini namoyish qildi.
Tadbir ochilishida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev mazkur festival yillar davomida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy muloqotni mustahkamlab kelayotganini ta’kidladi.
– Bugungi festival nafaqat turli davlatlarning milliy taomlari va boy madaniy merosini namoyish etadi, balki ezgulik, mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalarini ham keng targ‘ib qiladi, – dedi vazir o‘rinbosari. – Ayniqsa, yig‘ilayotgan mablag‘ onkologik kasalliklarga chalingan hamda imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi anjumanning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shuningdek u mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va xalqaro hamkorlik tamoyiliga asoslangan tashqi siyosat izchil amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Tadbirda so‘z olgan Diplomatik servis xizmati departamenti bosh direktori Oybek Iganberdiyev festival yillar davomida diplomatik korpus va mamlakat jamoatchiligi o‘rtasidagi ochiq madaniy muloqot maydoniga aylanganiga e’tibor qaratdi.
– Maqsadimiz madaniy muloqotni rivojlantirish barobarida mehr-oqibat, ezgulik va insonparvarlik tuyg‘ularini ulug‘lash, – dedi u. – Bugungi festival xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festival doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi, madaniy chiqishlar, xalq amaliy san’ati namoyishi va xayriya savdosi tashkil etildi. Mehmonlar turli xalqlarning milliy oshxonasi, liboslari va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Qozog‘iston elchixonasi diplomati rafiqasi Elmira Kiyikova o‘z taassuroti bilan o‘rtoqlashdi:
– Bugun juda muhim madaniy tadbir bo‘lib o‘tyapti. Biz – Qozog‘iston elchixonasi xodimlari ushbu bayramda ketma-ket yigirma ikkinchi bor qatnashyapmiz. Milliy taomlarimiz – besh barmoq, manti, quvirdoq, jent, tolqon va turli shirinliklar taqdim qildik. Shuningdek, milliy liboslarda suratga tushish mumkin bo‘lgan maxsus foto hudud tashkil etdik. Shu tariqa Toshkent aholisi va mehmonlarini Qozog‘iston madaniyati, tarixi va an’analari bilan tanishtirishni istaymiz.
Elmira xonim xayriya mavzusiga ham alohida to‘xtaldi:
– Bu yerda yig‘ilgan mablag‘ to‘liq xayriyaga yo‘naltiriladi. Kam ta’minlangan oilalar, yetim bolalar, pensionerlar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shayotganimizdan xursandmiz. Bu o‘ziga xos insonparvarlik tadbiridir.
Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov ham festival haqida fikr bildirdi:
– Ajoyib tadbir. Men butun elchixona jamoasi bilan ikkinchi marta ishtirok etyapman. Eng asosiysi – xayriya g‘oyasi. Inson qalbidagi kimgadir yordam berish istagi juda muhim. Bugun hamma bayramona kayfiyatda, birgalikda ezgu ishga qo‘l urilganini yaxshi anglab turibdi.
Uning ta’kidlashicha, festival xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi.
– Bu yerga odamlar boshqa millatlar madaniyati, liboslari va milliy taomlari bilan tanishish uchun oilasi bilan keladi, – deydi Ogorodnikov. – Menimcha, odamlar aynan dasturxon atrofida bir-birini yaxshiroq tushunadi. Belarus va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasida ham qadriyatlar, masalan oila, mehnat, farzand tarbiyasi kabi umumiy tushunchalar juda o‘xshash.
[gallery-29606]
Tadbirda “Diplomatic Kids International Talent” loyihasi doirasida turli mamlakatlar farzandlari ishtirokida ijodiy chiqishlar ham namoyish etildi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, mazkur tashabbus yosh avlod qalbida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Shuningdek, anjumanda “Umrboqiy meros” madaniyat va san’atini targ‘ib qilish markazi ilmiy maslahatchisi, YUNESKO nomoddiy madaniy meros bo‘yicha xalqaro eksperti Alisher Ikromov, O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi bo‘lim mudiri, YUNESKO nomoddiy madaniy meros bo‘yicha milliy eksperti Gulora Abdullayeva, milliy va xalqaro madaniy tadbirlar tashkil etish bo‘yicha ekspert Chori Shodiyev, “Umrboqiy meros” markazi direktori Lutfiya Mirzayeva, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi bosh texnologi Tolibjon Umaraliyev, usta oshpaz Nazira Aramatova hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillaridan iborat maxsus hakamlar hay’ati ham faoliyat olib bordi.
Dilshod Hakimov,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA