XX Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Sport ishqibozlarining Osiyo o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishi yildan-yilga ortib bormoqda. Ushbu sport bellashuvlari mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlab, qit’amizda sport nechog‘li rivojlanib borayotganini ifoda etadi.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida o‘tkazib kelinayotgan Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 davlatidan 11 ming nafardan ortiq sportchi ishtirok etadi. 16 kun davom etadigan musobaqalar sportning 43 turi va 71 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilib, unda sportchilar 469 ta bahsda jami 1 ming 407 ta medal uchun raqobatlashadi.
To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 42 turi bo‘yicha bahslarga kiradi. Shundan 36 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya sport turlaridir. Milliy terma jamoalarimiz tarkibida 396 nafar sportchi – 224 nafar erkak va 172 nafar ayol mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Sportchilarimiz sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etadi. Shuningdek, musobaqalar davomida kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, serfing, triatlon va skvosh bo‘yicha «Los-Anjeles–2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar uchun bahslar ham bo‘lib o‘tadi.
Shu nuqtai nazardan, «Aichi–Nagoya–2026» musobaqalari O‘zbekiston sportchilari uchun navbatdagi Olimpiya siklidagi muhim xalqaro startlardan biri hisoblanadi. Unda terma jamoalarimizning «Los-Anjeles–2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonini sinovdan o‘tkazish, sportchilarning bugungi salohiyatini baholash va xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratiladi.
Nagoya shahridagi «Paloma Mizuho» stadionida XX Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirning umumiy konsepsiyasi «HEART BEAT Aichi-Nagoya» deb nomlanib, unda Aichi va Nagoyadan Osiyoga tarqalayotgan «yurak» timsoli orqali sportchilar va tomoshabinlarni birlashtirish g‘oyasi ifodalandi.
Ochilish marosimi «HARMONIC HEART BEAT» — «Uyg‘un yurak urishi» g‘oyasi asosida o‘tkazildi. Unda turli mamlakatlar sportchilarining his-tuyg‘ulari va intilishlari sport maydonida birlashishi ramziy tarzda namoyish etildi. Mazkur g‘oya Osiyo o‘yinlarining «IMAGINE ONE ASIA» — «Yagona Osiyoni tasavvur qil» konsepsiyasi bilan uyg‘unlashdi.
Marosim davomida Aichi va Nagoyaga xos jihatlar, «yurak» timsoli va yurak urishi sadosi uyg‘unligida turli sahnaviy hamda vizual kompozitsiyalar namoyish etildi.
Marosimning muhim qismlaridan biri musobaqalarda ishtirok etadigan mamlakatlar sport delegatsiyalarining paradi bo‘ldi.
Markaziy stadionga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini baland tutgan mashhur sportchilarimiz - boks bo‘yicha jahon chempioni To‘rabek Habibullayev hamda qilichbozlik bo‘yicha “Xanchjou-2022” yozgi Osiyo o‘yinlari chempioni Guliston Perdebayeva kirib keldi. Bayrog‘imiz ortidan odimlayotgan sportchi qizlarimiz, alpqomat yigitlarimiz orasida nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz dovrug‘ini yoyayotgan Olimpiya va jahon chempionlari, qit’ada tengsiz bo‘lgan sportchilarimiz stadionga kirib keldi. Ularning qaddini baland tutishi va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi yangi marralarni zabt etishga ahd qilganidan dalolat beradi.
Stadionda qit’amizning 45 mamlakat sportchilari saf tortdi.
Osiyo o‘yinlari madhiyasi yangrab, XX yozgi Osiyo o‘yinlari bayrog‘i ko‘tarildi. Sportchilar va hakamlar qasamyod qabul qildi. O‘yinlarning muvaffaqiyatli o‘tishi, xalqlar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik va farovonlik ramzi sifatida mash’alani yoqish ochilish marosimining eng hayajonli damlari bo‘ldi.
Ushbu qit’a o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari ulkan marralarni zabt etib, yurt bayrog‘ini yanada yuksaklarga ko‘taradi deya ularga omad tilaymiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA