Xurshida opaning oilaviy korxonasi
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida tadbirkorlik, ayniqsa, oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalarning barqaror daromad manbalarini shakllantirish va farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida tadbirkorlik, ayniqsa, oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalarning barqaror daromad manbalarini shakllantirish va farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni bu borada alohida ahamiyat kasb etib, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida Navoiy viloyatida ikki yuzdan ziyod oilaviy korxona tashkil etildi.
Navoiy shahridagi “Navqiron nozanin” oilaviy korxonasida tayyorlanayotgan paypoqlar zamonaviyligi va sifati bilan bozorda o‘z o‘rnini topib ulgurdi.
Tadbirkor Xurshida Qayumova rahbarlik qilayotgan korxona dastlab uchta paypoq to‘qish dastgohi bilan ish boshlagan bo‘lsa, bugun import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarayotgan katta tikuvchilik tarmog‘iga aylandi. Korxona salohiyatini oshirishda mahalla faollarining maslahati va ko‘magi, tijorat bankining 55 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i muhim omil bo‘ldi. Ayni paytda 10 dan ziyod yosh mehnat qilayotgan korxonada mahalliy xomashyodan kattalar, ayollar va bolalar uchun paypoqlar tikilmoqda.
– Yuz foiz paxtadan tayyorlanayotgan mahsulotlarimiz sifati xorijnikidan aslo qolishmaydi, – deydi X.Qayumova. – Biz bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan savdo markazlari, kiyim-kechak do‘konlari tobora ortmoqda. Kelgusida mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishni ham rejalashtirganmiz.