“XOVAR” Tojikiston Milliy axborot agentligi
NIAT “XOVAR” agentligi Tojikistondagi yetakchi agentlik hisoblanadi. 1925 yili 31 dekabrda tashkil topgan.
Dunyo axborot agentliklari
NIAT “XOVAR” agentligi Tojikistondagi yetakchi agentlik hisoblanadi. 1925 yili 31 dekabrda tashkil topgan.
O‘sha vaqtda Tojikiston Telegraf agentligi – TojikTA deb yuritilgan. TojikTA Moskvadan, TASSdan axborotlar olib ularni respublikada chop etilayotgan gazetalarga yetkazib bergan, unchalik katta bo‘lmagan hajmda “Vestnik mestnoy informatsii” – Mahalliy axborotlar to‘plamini ham nashr etgan.
TojikTAning dastlabki asbob-uskunalari bittagina radiopriyomnikdan iborat bo‘lgan, uning yordamida ittifoq va chet el axborotlari yozib olinib, rus tilidan tojik tiliga tarjima qilingan. Yozuv mashinkasi va rotator yordamida nusxalar ko‘paytirilib, obuna bo‘yicha gazeta, radio va boshqa tashkilotlarga yetkazib berilgan.
Dastlabki paytda TASSning Tojikistondagi bo‘limi redaksiyasida 3 nafar muxbir ishlagan xolos. Agentlik asta-sekin mamlakatning axborotni yaratish, uni topish, saralash va tarqatish markaziga aylangan.
1972 yili Tojikiston axborot agentligi sobiq ittifoqning boshqa agentliklari qatori TASSning filialiga aylantirildi. Shu paytda Tojikistondagi hayot haqida oyiga 100 ta, bir yilda esa 3,5 mingga yaqin axborot tayyorlab berilgan.
Mazkur agentlik oyda bir marta “Tojikiston bugun” nomi ostida har birida 20 ta aktual fotosurat, kichik matn va lavhalardan iborat 400 nusxada to‘plam chiqarib turgan. 1981 yili Agentlikning fotoaxborot muharririyatida eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan rangli suratlar laboratoriyasi ochilgan. Buning natijasida Tojikiston fototasvirchilari sobiq ittifoq va xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Agentlik Respublika OAVlaridan tashqari yana 7 viloyat, 44 tumandagi shahar va rayon gazetalarini ham materiallar bilan ta’minlab turgan.
2004 yil 30 aprelda agentlik Tojikiston Respublikasi Hukumati qoshidagi markaziy davlat axborot organi maqomini oldi va NIAT “XOVAR” Tojikiston Milliy axborot agentligi nomi bilan yuritila boshlandi.
Agentlik Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Tojikiston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmalari, Majlisi milli va Tojikiston Respublikasining Majlisi namoyandagoni Madjlisi Olining farmonlari va qarorlariga amal qiladi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari sohasidagi xalqaro huquq qonun-qoidalari asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Agentlik, shuningdek, davlat, hukumat organlariga, idora va muassasalarga, korxona va jamoatchilik tashkilotlariga, xorijiy davlatlarning elchixonalariga, xalqaro tashkilotlarga tojik tilida “Nabzi Xovar” va rus tilida “Puls Vostoka” nomli maxsus axborot byulletenlarini tayyorlab, yetkazib beradi.
Agentlikka Tojikiston Respublikasining Prezidenti faoliyati, Majlisi Oli va Tojikiston Respublikasining hukumati to‘g‘risidagi rasmiy axborotlarni, hujjatlarni yig‘ish, tarqatish va ularga sharhlar tayyorlash eksklyuziv huquqi berilgan.
Bugun NIAT “Xovar” Milliy axborot agentligi Tojikiston Respublikasining barcha viloyatlari va tumanlarida, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi (Moskva), Turkiya (Anqara), Germaniya (Berlin), Amerika Qo‘shma Shtatlari (Nyu-York)da o‘z muxbirlik punktlariga ega.
Tojikiston Milliy axborot agentligi o‘zining 95 yillik davri mobaynida respublika axborot vositalariga o‘nlab tajribali jurnalist kadrlarni yetkazib berdi. Bugun ular mamlakatdagi axborot agentliklarida hamda xorijiy davlatlarda samarali faoliyat ko‘rsatishmoqda
Axborot agentliklari tayyorlagan xabarlar, intervyular, reportajlar tojik, rus, o‘zbek va ingliz tillarida dunyoga tarqatilmoqda.
I.Abduxoliqov
tayyorladi.