Xotirjam elning bog‘i bo‘ston bo‘ladi
Chortoq tumanidagi 34-sonli umumta’lim maktabi Namangan viloyatining shimolida, qo‘shni Qirg‘iz Respublikasining Karavan tumani Deres qishlog‘iga chegaradosh bo‘lgan Dehqonobod mahallasida joylashgan. Aytish joizki, 4 ming nafardan ziyod mahalla ahlining aksar qismi mana shu hududdagi adirliklarda yashaydi.
Dehqonobodliklarning azaliy turmush tarzi, hayot yumushi bog‘-rog‘ yaratish, yerlardan unumli foydalanishdan iborat. Suv tanqisligiga qaramasdan, zahmatkash el hech qachon ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, mirishkorlik faoliyatidan charchagan emas. Suvsizlik muammosidan qat’iy nazar, mahalla guzari, ko‘chalar, xonadon, maktab va bog‘cha hovlilari dov-daraxtlar, ekinzorlar qurshovida.

Mazkur dargohda mahalla faollari, ota-onalar, mehnat faxriylari yig‘ildi. Ular qurgan davraning mavzusi yurtimizda barqaror davom etayotgan tinchlik va bu ne’matning shukronasiga bag‘ishlandi.

Qaysi yurtning osmoni musaffo, zamoni tinch bo‘lsa, o‘sha yurtda baraka bo‘ladi. Cho‘li guliston, bog‘i bo‘ston bo‘ladi. Tadbir so‘nggida maktab jamoasi va mahalla faollari ishtirokida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi savobli ishga qo‘l urildi. Maktabning bo‘sh maydoniga manzarali va mevali ko‘chatlar o‘tqazildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri