Xotira – abadiy, qadrlash – e’zozdir
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida ham 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, uch avlod muloqotlari, ijodiy kechalar, ko‘rik-tanlovlar hamda ommaviy sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Bu kabi tashabbuslar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va ajdodlar xotirasiga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-29293]
Viloyatning Termiz shahri, Muzrabod va Boysun tumanlarida ham ana shunday uchrashuv va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar o‘tkazildi. Xususan, “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tashabbus alohida e’tiborga loyiq.
Mazkur uchrashuvlar 2000–2001-yillarda Sariosiyo voqealari davomida Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan serjant Muhiddin Eshtemirov, muzrabodlik katta leytenant Chori Rajabov hamda boysunlik serjant Mashrab Jo‘rayevlar tahsil olgan umumta’lim maktablarida o‘tkazildi.
Uchrashuvlar doirasida Mudofaa vazirligi tizimida faoliyat yuritib, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hayoti, jasorati va fidoyiligi haqida hikoya qiluvchi “Millat fidoyilari” nomli kitob-albomi keng jamoatchilikka taqdim etilib, ular tahsil olgan maktablar kutubxonalariga tantanali ravishda topshirildi. Mazkur jarayonlarda “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati vakillari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limlari mutasaddilari, o‘quvchi-yoshlar hamda marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarning jasorati hech qachon unutilmasligi, ularning yorqin xotirasi har bir yurtdoshimiz qalbida abadiy yashashini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, “Millat fidoyilari” kitob-albomi yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mardlik, jasorat va fidoyilik fazilatlarini shakllantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida Termiz garnizoni harbiy orkestori tomonidan Vatanga sadoqat, jasorat va matonatni madh etuvchi kuy qo‘shiqlar, Faxriy qorovul jamoasining saf chiqishlari namoyish etildi. Marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirilib, ularning farzandlari ko‘rsatgan jasorat va fidoyilik bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi ekani e’tirof etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA