Xotin-qizlarning orzu-intilishlari ro‘yobga chiqmoqda
Mustaqillik xotin-qizlarning salohiyati, orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish imkonini berdi. Bugun ular hayotimizning barcha jabhalarida faol ishtirokchiga aylanmoqda. Buni opa-singillarimizning turli sohalarda erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarida ko‘rishimiz mumkin. Birgina misol, ilgari qishloq ayollari uy bekasi, nari borsa tikuvchi, non yopuvchi yoki sut sotuvchi edi, endi esa ulardan tadbirkor, sportchi, olima, deputat, rahbarlar yetishib chiqayotgani bizni ruhlantiradi.
Bugungi kunda Xorazm viloyati aholisining 979 ming 310 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.Viloyatda mehnat bilan band bo‘lganlarning 41,4 foizi ayollardan iborat. Biz uchun ustuvor ahamiyatga ega – ta’lim-tarbiya sohalarida ishlayotgan xodimlarning 74,5 foizini, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 77,9 foizini, sanoat tarmoqlarida 41,5 foizini, qishloq xo‘jaligida 39,2 foizini, ilm-fan va texnika sohasida 34 foizini aynan ayollar tashkil etayotgani ularning haqiqatan ham jamiyatimizda ijtimoiy-siyosiy faol ekanliklaridan darak beradi.
Xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish maqsadida viloyatimizda 1 ming 650 nafarga yaqin faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Keyingi yillarda muhtarama opa-singillar, xotin-qizlarning roziligiga erishish, ayollarning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli yashashini ta’minlash masalasi barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoniga aylanmoqda.
Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarda tarbiyalanayotgan qizlarga beriladigan alohida imtiyoz asosida o‘tgan o‘quv yilida xorazmlik 2 ming 351 nafar qizimiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalarni qo‘lga kiritdi, 150 nafar qizlarimizning to‘lov kontrakt summalari to‘lab berildi.
Opa-singillarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida joriy yilning o‘tgan davrida jismoniy imkoniyati cheklangan 161 nafar ayollar nogironlik aravachalari, 112 nafari eshitish moslamalari va 55 ta turli reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turli kasalliklar bilan og‘rigan 38 nafar bemor xotin-qizlarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga yuborilgan 152 nafar xotin-qizlarga psixologik, yuridik, tibbiy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi.
Ahamiyatlisi, Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi islohotlar izchil davom etmoqda. Barchamiz yaxshi bilamiz, bundan uch yil oldin mamlakatimizda munis va mo‘’tabar ayollarning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi tizim shakllantirilgan edi. “Ayollar daftari”ning tashkil etilishi ayollar manfaatlarini yanada kengroq himoya qilish, ularning o‘z hayotidan rozi va mamnun yashashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga zamin bo‘lmoqda.
Viloyatda “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan jami 55 ming nafar xotin-qizlardan joriy yilning o‘tgan davrida 43 ming 529 nafariga amaliy yordam berildi. Ushbu daftardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 23 ming 361 nafar ishsiz ayollarning bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 4 ming 368 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 3 ming 724 nafariga kreditlar ajratildi. Shuningdek, boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand ayollarning 4 ming 980 nafariga, “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan bir martalik moddiy yordam mablag‘lari berildi. Uy-joy ta’miriga muhtoj 109 nafar opa-singillarimizga bu borada amaliy yordam ko‘rsatildi. Ayollarning 311 nafariga ijara kompensatsiyalari to‘lab berildi. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud ehtiyojmand ayollarning 4 ming 19 nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Ko‘rib turganimizdek, xotin-qizlarning har tomonlama baxtli-saodatli turmush kechirishlarini ta’minlash bugungi kunning bosh maqsadiga aylangan. Jumladan, ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlarning o‘rni va mavqei tobora yuksalmoqda. Ayollar bilan ishlash jarayonida buni yaqqol sezyapmiz.
Yaratib berilayotgan barcha imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan vohamiz ayollari tom ma’noda buyuk Xorazmiylarning, Turon malikasi bo‘lgan To‘marisning munosib izdoshlari ekanligini isbotlashlariga, uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonchimiz komil.
Ushbu unutilmas va betakror, muazzam onlarda barcha eldoshlarimizni “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan Mustaqilligimizning 32 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Istiqlolimiz abadiy bo‘lishini, yurtimizda tinchlik-xotirchamlik mangu hukm surishini, mamlakatimiz yanada yuksalib, bundanda taraqqiy topishini tilayman. Oilalardan hamjihatlik, xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin. O‘zbek ayollarining baxti butun bo‘lsin.
Nigora Qutlimuratova,
Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari,
Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA