Xotin-qizlar uchun sayohat
Qashqadaryo viloyati “Mahalla” xayriya jamoat fondi Kasbi tumani bo‘linmasi tashabbusi bilan saxovat va ko‘mak jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tumandagi 350 nafar “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohatga olib borildi.
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida tashkil etilgan sayohatda mehmonlar Kitob tumanidagi islom olamining buyuk pirlaridan sanalgan “Mavlono Xojagi Imkanagi” ziyoratgohiga borishdi. Xo‘jailmkoni qishlog‘idagi 12 asrlik chinor daraxti ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, mehmonlar Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy”, “Dor-ut Tilovat” va “Dor-us saodat” majmualarini ham tomosha qildi. Bundan tashqari, ular mahalliy hunarmandlarning qo‘l mehnatidan iborat ko‘rgazma bilan ham yaqindan tanishishdi.

– Bu kabi sayohatlarni fond mablag‘lari hisobidan muntazam tashkil qilib kelyapmiz, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi bosh hisobchisi Zulayxo Xudoyqulova. – Maqsad biroz bo‘lsada ko‘ngillarga shodlik ulashish. Aholini yurtimizning go‘zal go‘shalari bilan tanishtirishdir
O‘lmas Barotov,
O‘zA.