Xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlansa, oila mustahkamlanadi
Sirdaryo viloyatida «Ayollar daftari»ning yettinchi bosqichi doirasida 8 ming 943 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanib, 2 ming 292 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit ajratildi. Shuningdek, minglab xotin-qizlar tibbiy, psixologik va huquqiy ko‘mak bilan qamrab olindi. Bu natijalar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va oilalar barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlarning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Bu haqda Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Unda boshqarma va uning tuman-shahar bo‘limlari mas’ullari, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi, bandligi, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Sirdaryo viloyat hokimligi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Abror Allayarov sohadagi ishlarning asosiy mezoni har bir xotin-qizning muammosini o‘z vaqtida aniqlash va uning ehtiyojidan kelib chiqib, amaliy yechim topish ekanini ta’kidladi.
— Faoliyatimizning asosiy maqsadi — har bir xotin-qizning muammosini o‘z vaqtida aniqlash, unga amaliy ko‘mak ko‘rsatish va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishdir. Shu bois ishlarni og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish, sohadagi yangi yondashuvlarni amaliyotga joriy qilish, yangi loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida olib bormoqdamiz, — dedi Abror Allayarov.
2026-yil 20-sentabr holatiga ko‘ra, «Ayollar daftari»ning yettinchi bosqichi doirasida 516 nafar xotin-qizga uy-joy masalasida yordam ko‘rsatildi. 8 ming 527 nafar xotin-qiz tibbiy va psixologik ko‘mak bilan qamrab olindi. Huquqiy yordamga ehtiyoj bildirgan 5 ming 428 nafar xotin-qizning barchasiga tegishli ko‘mak ko‘rsatildi.
Shuningdek, 4 ming 663 nafar xotin-qizning davolanish xarajatlariga, 214 nafariga jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yordam berildi. Yana 3 ming 391 nafar ayol turli yo‘nalishlarda qo‘shimcha ko‘mak oldi. Bu maqsadlarga «Ayollar daftari» jamg‘armasidan 4 milliard 151 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
[gallery-31772]
E’tiborli jihati, bugungi yondashuv faqat mavjud muammoni bartaraf etish bilan cheklanmayapti. Xotin-qizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan birga, uning kasb egallashi, ish topishi yoki o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun imkoniyat yaratishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu esa yordamning qisqa muddatli natijasidan barqaror daromad va mustaqillikka olib boruvchi tizimli ko‘makka aylanayotganini ko‘rsatadi.
Shu maqsadda viloyatda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha xonadonbay o‘rganish ishlari olib borildi. 172 ming 423 ta xonadonda o‘tkazilgan xatlov natijasida 34 ming 409 nafar ishsiz xotin-qiz aniqlanib, ularning 27 ming 999 nafari bandligi ta’minlandi. Bu belgilangan rejaning 81 foizini tashkil etdi.
Kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha belgilangan 5 ming 349 nafarlik reja ham ortig‘i bilan bajarilib, 6 ming 668 nafar xotin-qiz o‘quvlarga jalb qilindi. Tijorat banklari tomonidan 7 ming 127 nafar xotin-qizga 384 milliard 300 million so‘m kredit ajratildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturi doirasida esa 2 ming 587 nafar xotin-qizga 46 milliard 100 million so‘m imtiyozli kredit berildi.
Bunda asosiy e’tibor faqat ish bilan ta’minlash ko‘rsatkichlariga emas, balki xotin-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi, kasb o‘rganishi va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilmoqda.
Xotin-qizlar bilan ishlashda xonadonbay o‘rganish natijasida shakllantirilayotgan aniq ma’lumotlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular orqali har bir mahallada qancha xotin-qiz ishsizligi, kim kasb o‘rganishga ehtiyoj sezayotgani, kim tadbirkorlikka qiziqishi va kim ijtimoiy ko‘makka muhtojligi aniqlanmoqda.
Shu ma’lumotlar asosida har bir xotin-qiz uchun individual ish rejasi shakllantirilib, unda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, muddatlar va mas’ullar belgilab qo‘yilmoqda. Bunday yondashuv muammoni aniq belgilash, uning yechimini nazorat qilish va ko‘rsatilayotgan yordamning natijadorligini baholash imkonini bermoqda.
Oila barqarorligini ta’minlashda esa muammoni erta aniqlash va uning oldini olish muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda viloyatning 11 ta tuman va shahrida «Oila maskani» faoliyat yuritib, nizoli va ajrim yoqasida turgan oilalar bilan psixolog, huquqshunos hamda boshqa mutaxassislar ishtirokida individual ish olib borilmoqda.
Manzilli profilaktik choralar natijasida Mirzaobod tumanida ajrimlar 34 foizga, Xovos tumanida 7 foizga kamaygan. Ayni vaqtda Guliston va Yangiyer shaharlarida nikohdan ajralish holatlarining ko‘payishi ushbu hududlarda oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Viloyatda 3 ming 568 ta nikoh qayd etilgan. Oilaviy hayotga tayyorlash kurslarida esa 5 ming 890 nafar yosh kelin-kuyov ishtirok etgan. Mashg‘ulotlarda oila qurish mas’uliyati, er-xotinning huquq va majburiyatlari, o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash, nizoli vaziyatlarning oldini olish kabi masalalarga e’tibor qaratilmoqda.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishda «Daromadli ayol» loyihasi doirasidagi ishlar ham muhim o‘rin egallamoqda. Viloyatning 11 ta tuman va shahridagi 221 ta mahallada kooperatsiyalar tashkil etildi. 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan 282 ta biznes loyihasi asalarichilik, hunarmandchilik, tomorqachilik, parrandachilik va kasanachilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, shundan 171 tasi ishga tushirildi. Loyihalarga 5 mingdan ziyod xotin-qiz jalb etildi.
Shuningdek, tashkil etilishi rejalashtirilgan 26 ta xotin-qizlar markazining 17 tasida faoliyat yo‘lga qo‘yildi. Ularda tikuvchilik, qandolatchilik va sog‘lomlashtirish yo‘nalishlarida xizmatlar tashkil qilinib, 267 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
«Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar» tanlovi doirasida 51 ta shartnoma tuzilib, 1 milliard 192 million 400 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada ijtimoiy reyestrda turuvchi 123 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Kelgusida xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, ularning raqamli va moliyaviy savodxonligini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, kooperatsiya asosida yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Zero, xotin-qizning ijtimoiy va iqtisodiy faolligi, avvalo, uning o‘z hayoti va oilasi kelajagiga daxldor qarorlarda faol ishtirok etishiga zamin yaratadi. Barqaror daromad, kasb va tadbirkorlik imkoniyati, huquqiy hamda ijtimoiy himoyaning ta’minlanishi esa oila farovonligi uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Shu ma’noda, Sirdaryoda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar alohida yo‘nalishlar emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit tizim sifatida shakllanmoqda. Har bir ayolning muammosiga yechim topish, unga imkoniyat yaratish va bu imkoniyatni barqaror natijaga aylantirish orqali oilalar farovonligi va jamiyat barqarorligi mustahkamlanmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar va OAV vakillarining mavzuga oid savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA