Xotin-qizlar muammolari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Navoiy viloyatidagi o‘rganishlari davomida Qiziltepa tumanidagi “Uzilishkent” mahallasiga bordi.
O‘rganish davomida Prezidentning 2022 yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan mahalladagi beshlik hamda tumandagi 16 ta korxona-tashkilot rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Mahalladagi “Oqila ayollar” harakati a’zolari bilan hududda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash kabi dolzarb vazifalar haqida davra suhbati tashkil etildi.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Prezidentimizning 2022 yil 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha 15 ta mas’ul tashkilot rahbarlaridan iborat Ishchi guruh tashkil etilib, Karmana tumani “Talqoq” mahallasida xatlov o‘tkazildi.

– Xatlov davomida 1103 ta xonadon mas’ul tashkilotlar tomonidan to‘liq xatlovdan o‘tkazildi, – deydi viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi mas’ul xodimi Gulruh Ahadova. – Xatlov natijalariga ko‘ra 124 nafar ishsiz fuqaro aniqlanib, suhbat chog‘ida 10 nafarini o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turlariga jalb etish, 8 nafar norasmiy band bo‘lganlari ishini qonuniylashtirish, 5 nafari tadbirkorlik qilish istagini bildirgan bo‘lsa, 19 nafari ishlash istagi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Xatirchi tumanidagi “Damariq” mahallasida joylashgan “Zamiraxon 2019” xususiy korxonasida bo‘lib, korxonada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, “Qo‘rg‘ontepa” mahallasidagi xotin-qizlarni kasbga o‘qitish markazida ayollar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ularni qiynayotgan muammolar bo‘yicha suhbatlashdi.
Tumanda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish va mahallalarda ijtimoiy himoya tizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha mas’ullarga tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA